Xiva shahrida O‘zbekiston neyroxirurglarining IV anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan yetakchi neyroxirurg olimlar, amaliyotchi shifokorlar, sohaga daxldor mutaxassislar ishtirok etdi.
Uch kun davom etgan tadbirning ochilish marosimida Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, jumladan, neyroxirurgiya yo‘nalishida erishilgan yutuqlarni e’tirof etdi va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
–O‘zbekiston neyroxirurgiya xizmati qisqa davrda katta yo‘lni bosib o‘tdi, – deydi O‘zbekiston neyroxirurglari assotsiatsiyasi prezidenti G‘ayrat Kariyev. – Bu borada, shubhasiz, 1997 yilda faoliyat boshlagan Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining salmoqli hissasi bor. Oxirgi o‘n yillikda o‘zbek neyrojarrohlari sohani jahon standartlari darajasiga ko‘tardi. Natijada bugun yurtimizda yiliga 10 mingdan ortiq murakkab bosh miya hamda orqa miya operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinyapti. Mutaxassislarimiz izlanishlari va sa’y-harakati bilan bosh miya hamda orqa miya jarrohlik amaliyotlari joriy qilindi, neyroxirurgik tez yordam brigadalari tashkil etildi.
Anjumanda mazkur yo‘nalishda erishilgan yutuqlar tahlil qilinishi barobarida xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
– Kongress juda yuqori saviyada tashkil qilindi, – deydi amerikalik professor Ali A’zamov.
– O‘zbek neyroxirurgiyasi rivojlanayotganidan juda xursandman. Tibbiyotga bo‘lgan bunday e’tibor uchun mamlakat rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildirman. Bu yerda nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun dunyodan kelgan kuchli neyroxirurglarni uchratdim. Misol uchun, germaniyalik professor Andreas Unterberg tomonidan “Bosh miyaning eng chuqur joyida paydo bo‘ladigan o‘sma va hosilalarni olish” bo‘yicha qilingan ma’ruza zamonaviy neyroxirurgiyada juda muhim mavzudir.
[gallery-25211]
Konferensiya dasturidan o‘rin olgan dolzarb mavzulardagi ilmiy ma’ruzalar sohadagi yangiliklardan xabardor bo‘lish, bilim va tajriba almashish, eng muhimi, bemorlarga yanada samarali, innovatsion yordam ko‘rsatish imkonini berdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (foto), O‘zA