Keyingi yillarda O‘zbekiston yoshlari xalqaro maydonda tobora faol va raqobatbardosh bo‘lib bormoqda. Bu jarayonda xorijiy tillarni, xususan ingliz tilini o‘rganish ommaviy harakatga aylandi. Ilgari chet tilini bilish faqat istisno holat sanalsa, bugungi kunda bu ko‘nikma zamon talabiga aylangan.
Aynan ingliz tili bo‘yicha xalqaro imtihonlar (ayniqsa IELTS) natijalari bu tendensiyani yaqqol tasdiqlaydi. 11 yoshli bolalarning 7,5–8, maktab bitiruvchilarining esa 8–8,5 ball olishi odatiy holga aylanmoqda. Eng yuqori – 9 ballni olgan o‘zbekistonliklar soni 50 nafarga yaqinlashgan. Bu raqam 3-4 yil avval 10 nafarga ham yetmas edi. Bunday o‘sish nafaqat sonda, balki sifatdagi ulkan o‘zgarishni ham anglatadi.
Yoshlarning bu kabi muvaffaqiyatlarga erishishida davlat siyosatining, jumladan ta’lim sohasidagi islohotlarning o‘rni beqiyos. Ilgari til o‘rgatadigan markazlar asosan shaharlarda joylashgan bo‘lsa, hozirda ular har bir mahallada bor. Shu bilan birga, onlayn platformalar orqali chekka hududlarda ham sifatli ta’lim olish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Faqat 2025 yilning birinchi yarim yilligida xalqaro imtihonlarda yuqori ball olgan 14 300 nafar yosh davlat yordami uchun murojaat qilgan. Ulardan 6839 nafari 7 balldan yuqori natija bilan IELTS imtihonidan o‘tgan.
Bu yo‘nalishda amalga oshirilgan choralar quyidagilar: 6839 nafar IELTS natijasiga ega yoshlar xarajatlari qoplandi, TORFL bo‘yicha 714, TOEFL iBT bo‘yicha 24 nafar yosh davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, jami 6 milliard 449 million so‘m imtihon xarajatlari uchun ajratildi, Toshkent shahri bu borada yetakchi bo‘lib, 2810 nafar yoshga yordam ko‘rsatildi.
Ushbu raqamlar til o‘rganishga bo‘lgan talab oshib borayotganinigina emas, balki bu jarayon davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanayotganini ham tasdiqlaydi.
Til bilish – bu faqat xorijda o‘qish vositasi emas. Bu yoshlar uchun ilmiy-tadqiqot ishlarida, startaplar yaratishda, xalqaro loyihalarda ishtirok etishda, raqamli iqtisodiyot va media sohalarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatidir.
YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, chet elda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda Xitoy va Hindistondan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. Bu – jahon ta’lim maydonida yurtimiz yoshlarining faolligi va salohiyatidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, bugun o‘zbek yoshlari dunyo minbarlarida nafaqat qatnashayapti, balki o‘z so‘zlarini ham baralla ayta olmoqda. Ularning til bilishga, ilmga, zamonaviy kasblarga bo‘lgan intiluvchanligi – mamlakatning intellektual kelajagini belgilaydi.
Davlat siyosati, yaratilgan imkoniyatlar va yoshlarning o‘z ustida uzluksiz ishlashi orqali O‘zbekiston xalqaro bilim bozorida munosib o‘rinni egallashga tayyor ekani ayon bo‘lmoqda.
Said Donishev,
xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati
O‘zA