Bugun xalqaro munosabatlarda har bir davlatning nufuzi faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki harbiy qudrat bilan emas, balki uning tinchlikparvar pozitsiyasi va ma’naviy salohiyati bilan baholanadi. O‘zbekiston Prezidentining AQSHda tinchlik siyosatiga bag‘ishlangan nufuzli yig‘ilishda ishtirok etishi — mamlakatimizning chuqur global mas’uliyatini anglatadi.
Bu voqea okean ortidagi o‘zbek yoshlari uchun oddiy diplomatik yangilik emas, balki faxr va ruhiy tayanch manbaiga aylandi. Chunki, diaspora o‘z vatani obro‘sini har qanday rasmiy bayonotdan ko‘ra chuqurroq his qiladi.
Kaliforniya shtatidagi “O‘zbeklar jamiyati” faollari Saratoga shahrida jam bo‘lib, ushbu tashrifni katta ko‘tarinki kayfiyatda kutib oldi. Bu kecha faqat siyosiy voqelik muhokamasi bilan cheklanmadi, u madaniyat, san’at va milliy tarbiya uyg‘unlashgan ma’naviy makonga aylandi.

Jamiyat raisi Qudrat aka — 25 yildan buyon Amerikada yashab, shifokorlik faoliyati bilan birga diaspora hayotida yetakchilik qilib kelayotgan fidoyi inson. Uning o‘g‘li Sultonali Amerikada tug‘ilgan bo‘lsa-da, o‘zbekona tarbiya ruhini saqlab qolgan. Otasini “Padari Buzrukvorim”, onasini “Volidam” deb chaqirishi — globallashuv sharoitida milliy o‘zlikni saqlashning jonli ramzidir.
Sultonbek Raximxodjayev 5 yoshidan pianino bilan oshno. Bugun siyosiy ilm va jahon iqtisodiyoti sohasida tahsil oladi, Apple kompaniyasida faoliyat yuritadi, shu bilan birga o‘zbek yoshlari orasida milliy qadriyatlarni targ‘ib qiladi. U qo‘lga kiritgan xalqaro sertifikatlar — mehnat, intilish va oilaviy tarbiya uyg‘unligining natijasi.
Kechada “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, San-Fransisko musiqa konservatoriyasi talabalari Mumtozbegim va Yulio Martins ishtirok etdi. Ular ijro etgan opera klassikasi xonadonni go‘yo katta teatr sahnasiga aylantirdi. Sultonali pianino ijrosi bilan musiqiy kechaga o‘ziga xos ruh baxsh etdi.
San’atsevar o‘zbek oilasining farzandlari — Feroze, Faiza, Qalib va kichik Kinan ham bu muhitdan ilhomlanib, o‘zlarining kichik asarlarini namoyish etdi. Bu shunchaki bolalar chiqishi emas, balki madaniy merosning avloddan-avlodga o‘tayotganini ko‘rsatuvchi ramz edi.

Siyosat faqat davlatlar o‘rtasidagi muzokaralar bilan cheklanmaydi. Zamonaviy dunyoda “yumshoq kuch” — madaniyat, ta’lim, san’at va jamoatchilik faolligi orqali ta’sir o‘tkazish mexanizmi muhim ahamiyat kasb etadi.
Kaliforniyadagi o‘zbeklar jamiyati ana shu "yumshoq kuch"ning amaliy namunasidir. Ular milliy bayramlar o‘tkazadi, yoshlarni birlashtiradi, musiqiy kechalar tashkil etadi, kitobxonlikni targ‘ib qiladi. Bu davlat siyosatining rasmiy qismi emas, ammo uni qo‘llab-quvvatlovchi ma’naviy poydevordir.
Tinchlik siyosati xalqaro minbarlarda ilgari surilsa, uning mazmuni diaspora hayotida namoyon bo‘ladi. Agar xorijdagi yoshlar o‘z madaniyatini unutmasa, o‘z tilida so‘zlasa, o‘z qadriyatlarini asrasa — bu mamlakat imiji uchun eng kuchli argument.
Kechadan so‘ng Saratogadagi kutubxonaga bordik. Sukuti bilan o‘ylantiradigan bu maskanda ota-onalar bolalari bilan kitob o‘qiydi. Bir yarim yoshli Kinanning rangli sahifalarga qiziqishi — muhit tarbiyasining natijasi.
Bugun innovatsiya, sun’iy intellekt va raqamlashtirish haqida ko‘p gapiramiz. Ammo inson kapitali — kitobxonlik, musiqa va oilaviy tarbiya orqali shakllanadi. Millatning kelajagi diplomatik minbarlarda himoya qilinadi, ammo uning ma’naviy poydevori xonadonlarda quriladi.
Okean ortidagi o‘zbeklar shu haqiqatni yaxshi anglagan. Ular zamonaviy imkoniyatlardan foydalanib, milliy o‘zlikni asrab qolishga intilmoqdalar. Bu — diaspora diplomatiyasining eng samimiy ko‘rinishidir.
Gulchehra Mirzayeva,
ToshDavTU matbuot kotibi.