Korrupsiya – davlat va jamiyatning rivojiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavfdir.
Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi Farmon asosida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyulidagi «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon bilan «Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri» yuritilishi hamda 2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilandi.
Shuningdek, joriy yilning 4 dekabr kuni Qonunchilik palatasida «Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2018 yilda 556 mlrd, 2019 yilda 1,858 trln, 2020 yilda 500,1 mlrd, 2021 yilning 9 oyida 658 mlrd. so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Sudlar tomonidan 2020 yil davomida korrupsiya bilan bog‘liq (JK 205-214, 243-moddalari) jami 2 270 nafar shaxsga nisbatan 1 502 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Shundan 2 203 nafar shaxsga nisbatan 1 457 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan, 2021 yilning 6 oyi mobaynida 2544 nafar mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan 1676 ta jinoyat ishlari tergov qilinib, sudlarga yuborilgan.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda bu kabi korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan bir qator tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilishi natijasida Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan har yili e’lon qilib boriladigan «Korrupsiyani qabul qilish indeksi»da mamlakatimiz 180 ta davlat orasida 2019 yilda 153-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yilda 146-o‘rinni egallab, 7 pog‘onaga ko‘tarildi.
Jahon odil sudlov loyihasi xalqaro nohukumat tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksidagi «Korrupsiyadan xolilik» indikatorida (Absence of Corruption) mamlakatimiz 2020 yil bo‘yicha 128 davlat orasida 0,40 ball bilan 89-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2021 yilda 139 davlat orasida 0,46 ball bilan 70-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakatimiz 2020 yildagi 89-o‘rindan 19 pog‘onaga yuqorilagan.
Bundan tashqari, 2020 yilning dekabr oyida “Open Data Watch” xalqaro notijorat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar reytingida O‘zbekiston 63 ball bilan jahon bo‘yicha 187 mamlakat orasidan 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi.
Aytish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish zarurati xalqaro miqyosda ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Jumladan, ushbu illatga xalqaro miqyosda kurashishga doir huquqiy asoslar qator xalqaro huquqiy normalarda o‘z ifodasini topgan.
Xususan, 2003 yil 31 oktyabrda qabul qilingan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi, 2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiyasi, 1999 yil 27 yanvardagi Yevropa Kengashining «Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida»gi Konvensiyasi, 1999 yil 4 noyabrdagi «Korrupsiyaga uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik to‘g‘risida»gi Konvensiyalari va boshqalar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, aksariyat mamlakatlarda davlat organlari va tashkilotlarida yuqori darajada shaffoflikni va yaxlitlikni ta’minlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijaga erishgan.
Masalan, Yangi Zelandiya, Daniyada barcha davlat muassasalari va aksariyat xususiy kompaniyalarda yuqori darajadagi shaffoflik mavjud. Ular faoliyatlari to‘g‘risida katta hajmdagi ma’lumotlarni taqdim etuvchi internet saytlarining muntazam yangilanishi ma’lumotlarning jamoatchilikka ochiq bo‘lishini ta’minlaydi. Daniya Xalqaro Taraqqiyot Agentligi faol ravishda korrupsiyaga qarshi murosasizlik, ya’ni tashkilot doirasida va tashqi hamkorlar bilan hamkorlik jarayonida korrupsiyaning har qanday namoyon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik siyosatini olib bormoqda.
Ko‘pgina bitimlar uchun asosiy shartlardan biri, bu - korrupsiyadan foydalanmaslik haqidagi deklaratsiyani imzolashdir. Shaxs o‘z imzosi bilan korrupsiya jarayonlarida ishtirok etishdan bosh tortishini bildiradi va ishtirok etgan taqdirda ehtimoliy zararlarni qoplashni kafolatlaydi.
Indoneziyada yoshlarni korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida ixtiyoriy ravishda korrupsiyaga qarshi kurash kurslari maktablar va universitetlarning o‘quv dasturlariga kiritiladi
va fakultativ ravishda olib boriladi.
Koreya Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faqat Prezident oldida hisobdor bo‘lgan mustaqil komissiya (ingl. Anti-Corruption and Civil Rights Comission) tashkil etilgan bo‘lib, ushbu komissiya mamlakatda antikorrupsion siyosatni muvofiqlashtiradi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlardan xabardor etish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, antikorrupsion dasturlarning amalga oshirilishi yuzasidan davriy hisobotlar taqdim etish va boshqa bir qator vazifalarni bajaradi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda 1999 yil Seul shahri meri Gox Kun buyrug‘i bilan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha maxsus elektron “OPEN” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu dastur orqali fuqarolar istalgan vaqtda internet orqali murojaatlari bo‘yicha amaldorlar tomonidan hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonini kuzatish mumkin.
Shuningdek, dasturda fuqarolar murojaatlari, ruxsatnomalar
va sanksiyalar masalasida korrupsiya ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlarda ularni amaldorlar tomonidan qanday hal qilinayotganligini kuzatishga
va agar ushbu jarayonilarda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, o‘z noroziliklarini bildirishi mumkin.
Ushbu internet dasturi, korrupsiyaga qarshi hokimiyat organlarining faoliyati, fuqarolar va mamlakat manfaatlariga halol xizmat qilishda o‘ziga xos yo‘l bo‘ldi.
Singapur korrupsiyaga qarshi kurashishda quyidagi yo‘nalishlarni qo‘llagan holda yuqori natijalarga erishilgan;
– davlat tomonidan byurokratik tartiblar sezilarli darajada soddalashtirish;
– davlat lavozimlarini egallagan shaxslar majburiy ravishda rotatsiyasi qilish;
– davlat organlari faoliyati tartibi soddalashtirish;
– fuqarolar har bir korrupsiya holati to‘g‘risida erkin va oshkora ma’lumot beradigan ommaviy axborot vositalarining mustaqil ravishda ishlashi ta’minlash.
Yuqoridagi kelib chiqib, mamlakatimizda doimiy ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida chora-tadbirlarni takomillashtirish borish yuzasidan quyidagi takliflarni ilgari so‘riladi.
– mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni korrupsiyaga qarshi murosasizlik ruhida kamol topishi uchun maktablar va universitetlarning o‘quv dasturlariga qisqa o‘quv soatlarini kiritish orqali ushbu illatni jamiyatga salbiy ta’siri va unga qarshi kurash bo‘yicha tushunchalar berib borish;
– davlat xizmatlarini ko‘rsatishda elektron onlayn xizmatlar turini yanada kengaytirish lozim. Fuqarolarni ortiqcha ovoragarchiligini oldini olish bilan bir qatorda, korrupsiya oldini olishda ijobiy natijasini beradi.
– korrupsiyani oldini olish va qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish. Jamoatchilik nazoratini oshirish, so‘z erkinligi, OAV mustaqilligi va faolligini oshirish korrupsiya darajasining pasayishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
R.Nurmatov, Sh.Mirzayev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimlari