Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo kurashchilari Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bellashadi
12:05 / 2023-11-17

Ota-bobolarimizdan meros bo‘lgan kurashning xalqaro sport turi maqomiga ko‘tarilishi natijasida o‘zbekona so‘zlar jahon sport terminologiyasidan joy oldi.

Bugun dunyo miqyosida o‘tkazilayotgan kurash turnirlarida, chempionatlarida davlatimiz bayrog‘idan jilo olgan yaktaklarda sportchilarning bellashishi, “halol”, “to‘xta”, “chala”, “yonbosh”, “gilam”, “tanbeh” kabi so‘zlarning xalqaro sport maydonlarida jaranglashi odat tusiga kirdiki, bu, Yangi O‘zbekistonning yangi muvaffaqiyatini yorqinroq ifoda etmoqda. O‘tayotgan yil davomida davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va qator tashkilotlar hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun "World Series Pro" va "World Series Masters" turnirlarining yo‘lga qo‘yilgani kurashning xalqaro rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.  

Aytish lozim, kurash bo‘yicha yil davomida qit’aviy chempionatlar so‘ngida "World Series Pro" turniri uchun erkaklar 66, 81, 90 kilogramm va ayollar 57, 70 kilogramm va mutlaq vazn toifalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun gilamga chiqqani ahamiyatli bo‘ldi.  

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi taqvim rejasiga asosan aprel oyida Xitoyning Xanchjou shahrida Osiyo qit’asi, iyul oyida Misrning Qohira shahrida Afrika qit’asi, avgustda Dominikan Respublikasining Santo-Domingo shahrida Pan-Amerika qit’asi va oktyabr oyida Gretsiyaning Saloniki shahrida Yevropa qit’asi saralash bosqichlari o‘z g‘oliblarini aniqladi.  

Musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir qit’aviy bosqichda 1- va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar musobaqaning final bosqichi hisoblangan "World Series Masters" turnirida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.  

– O‘tkazilgan qit’aviy saralash turnirlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrindor bo‘lgan kurashchilar joriy yilning 22 noyabr kuni Toshkentda "World Series Masters" finalida gilamga chiqadi. Ayni kunlarda ushbu nufuzli musobaqani o‘tkazish borasida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston kurash federatsiyalari tomonidan qizg‘in hozirlik ishlari olib borilmoqda. Musobaqalar poytaxtimizdagi “Alpomish” sport saroyida o‘tkaziladi, – deydi O‘zbekiston kurash federatsiyasi bosh kotibi Alisher Eshonqulov.  

Ta’kidlamoq kerak, to‘rt qit’aning saralash turnirlarida sovrindorlikka erishgan kurashchilar poytaxtimizda kurashning jozibasini namoyish etish bilan birgalikda g‘olib polvonga taqdim etiladigan 10 ming, 2-o‘rin sohibiga beriladigan 5 ming hamda 3-o‘rinni qo‘lga kiritadigan kurashchi qo‘lga kiritadigan 1 000 AQSH dollari uchun bellashadi.  

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA