English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo kitobxonlari mehriga sazovor adib
15:03 / 2021-12-24

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida atoqli adib Chingiz Aytmatov tavalludining 93 yilligiga bag‘ishlangan “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda atoqli adib Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatgan ijodkor bo‘lgani ta’kidlandi. Uning "Jamila", "Sarvqomat dilbarim", "Bo‘tako‘z", "Birinchi muallim", "Momo yer", "Somon yo‘li", "Alvido, ey Gulsari", "Oq kema", "Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar", "Kassandra tamg‘asi", "Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori" kabi asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima etilib, kitobxonlar qalbidan o‘rin olgan.

Chingiz Aytmatov asarlari insoniyatni mudom ogohlikka undashi bilan ahamiyatlidir. Ular manqurtlik botqog‘idan asrashga chorlashi barobarida tabiatga, borliqqa cheksiz mehr-muhabbat bilan yo‘g‘rilgan.

[gallery-5205]

Davra suhbatida Chingiz Aytmatovning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, bu borada Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi xalqaro jamoatchilik harakatiga rahbar sifatida samarali faoliyat ko‘rsatgani alohida qayd etildi.

O‘zbekistonning qadrdon do‘sti bo‘lgan Chingiz Aytmatov Vatanimizning “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda Chingiz Aytmatov hayoti, ibratli faoliyati, asarlarida ulug‘langan g‘oyalar xususida batafsil so‘z yuritildi.

 

N.Usmonova, O‘zA