Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo kimyogarlari Termizda kengashmoqda
18:58 / 2022-05-19

Termiz davlat universitetida akademik Abduali G‘aniyev va akademik Nusrat Parpiyev xotirasiga bag‘ishlangan “Kompleks birikmalar kimyosi va analitik kimyo fanlarining dolzarb muammolari” mavzuida xorijlik olimlar ishtirokida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Termiz davlat, O‘zbekiston Milliy universitetlari hamkorligida tashkil etilgan anjumanning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari I. Safarov, Termiz davlat universiteti prorektori R.To‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi S.Negmatov ishtirok etdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlab, Yangi O‘zbekistonni yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan ilmiy anjumanlar, simpozium, seminar va boshqa ilmiy tadbirlar ilm-fan nufuzini yanada oshirib, xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik ko‘lamini kengaytirishda muhim o‘rin tutayotgani, olimlar va ilmiy tadqiqotchilarni ko‘proq izlanib, yangilik yaratishga undayotgani qayd etildi.

Bu jarayonda ilm-fan fidoyilarining eng yaxshi innovatsion ishlanmalaridan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda keng foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, Termiz davlat universiteti olimlari va tadqiqotchilarining to‘rtta ilmiy loyihasi Oltinsoy innovatsion tumanida joriy etildi. Mazkur loyihalar hududda kimyo sanoatini rivojlantirish barobarida yangi ish o‘rinlari barpo etish va odamlarning turmush darajasini yuksaltirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda akademik Abduali G‘aniyev va akademik Nusrat Parpiyevlarning hayot yo‘li, o‘z davrida kimyo fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqida fikr almashildi. Barchaga ibrat bo‘ladigan ajoyib fazilatlari yodga olindi.

–Menga ikkala kimyogar olim bilan birga mehnat qilish nasib etgan,– deydi akademik Soibjon Negmatov.– Uylarida bo‘lganmiz. Akademik Nusrat Parpiyev shotutni juda sevib iste’mol qilar edi. U paytlar biz yosh edik. Bir yil bahorda domlaga shotut terib berdim. Shunaqa quvondilarki, hali-hanuz o‘sha holat ko‘z oldimdan ketmaydi. Abduali G‘aniyev esa chorva bilan shug‘ullanar edi. Bir safar uyiga borganimda “Soibjon bilasizmi, mana shu qo‘ylarni parvarishlashdan zavq, kuch olaman. Bir zum beda, yem yeyishini kuzatsam shundoq charchog‘im chiqadi. Shundan so‘ng yana ilmiy ishlarim bilan mashg‘ul bo‘laman. Chorvachilik yaxshi kasb”, degan edilar. Ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisida uch nafar akademik, 70 dan ortiq fan nomzodi va fan doktorlari, ko‘plab yosh tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Ularning o‘ndan ortig‘i kimyogar olima ayollardir.

Anjumanda mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birga Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Italiya va Rossiya kabi davlatlar olimlari, ilmiy tadqiqotchilari qiziqarli ma’ruzalari bilan onlayn va oflayn qatnashmoqda.

–Anjumanning yalpi majlisida hozirgi global iqtisodiyotda ilm-fan innovatsiyalarining o‘rniga bag‘ishlangan ma’ruzam bilan qatnashdim, – deydi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsion markazi xodimi, professor Yanogida Yukinori.– Unda innovatsiyani nafaqat iqtisodiyotda qo‘llash balki, kimyo, metallurgiya sanoatlarida innovatsiyaning o‘rni va ahamiyati, qo‘llash usullari to‘g‘risida fikr almashdik. Kimyo fani bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama etilayotgan konferensiyaga taklif etishgani uchun tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildiraman. Konferensiya yalpi majlisi ishtirokchilari uch kun davomida mahalliy va xorijlik kimyogarlarning tarkibida azot, fosfor, oltingugurt bo‘lgan immobillangan ligandlarning nodir metallar bilan koordinatsion birikmalari, aralash ligandli ikki yadroli metallokomplekslar sintezi va tadqiqoti, platinoidlarning eritmalarda kompleks hosil qilish mexanizmi, sanoat ikkilamchi xom ashyosi asosida kationitlar sintezi, nanokompozit elektrodlarni ishlab chiqarish va qo‘llash, zaharli va portlovchi gazlarni aniqlovchi yarimo‘tkazgichli sensorlar yaratish kabi yangi ilmiy ma’ruzalarini tinglab muhokama etadi.

–Shuningdek, yalpi majlisga ekologik xavfsiz bioaktiv birikmalar-atranlar ishlab chiqish va tadqiq qilish, oldindan ishlov berish jarayonini optimallashtirish, sintetik va tabiiy koagulyantlarga e’tibor qaratgan holda koagulyatsiya va flokulyatsiya, biosensor qurilmalarida kremniy organik hosilalari asosidagi oksidlanish-qaytarilish, faol polimerlardan foydalanish mavzularidagi yangi ilmiy ma’ruzalar ham kiritilgan, –deydi Termiz davlat universiteti professori Sherzod Qosimov.– Bu ma’ruzalar kimyo fanining hozirgi va kelgusi taraqqiyot bosqichlarida muhim o‘rin tutadi. Ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Kimyo sohasidagi nufuzli konferensiyaning Termiz davlat universitetida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Viloyatdagi yirik oliy ta’lim muassasasining kimyo fakulteti moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib bormoqda. Zamonaviy laboratoriyalar barpo etilayotir. Uchta ixtisoslik bo‘yicha 2 ta ilmiy daraja himoya qilinadigan ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida amaliy va innovatsion loyihalar ustida qator izlanishlar amalga oshirilmoqda. 

Keyingi yillarda olib borilgan samarali ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida so‘nggi besh yilda 19 nafar yosh kimyogar ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. 12 ta ilmiy unvon tasdiqlandi. Joriy yilda yana olti nafar tadqiqotchi dissertatsiya himoyasini amalga oshirishga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Fakultetda 3 nafar fan doktori, professor, 12 fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), dotsent talaba-yoshlarga fan sirlarini chuqur o‘rgatmoqda.

Ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisida taqdim etilayotgan ma’ruzalar yuzasidan mamlakatimiz va xorijlik kimyogar olimlar, ilmiy tadqiqotchilar jonli va onlayn fikr-mulohazalarini bildirib, mavzular muhokamasida faol ishtirok etmoqda. Anjuman joriy yilning 21 may kuni yakunlanadi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri