Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo ishbilarmonlari O‘zbekistonda jam bo‘ldi
17:49 / 2017-11-24

“O‘zekspomarkaz”da qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashtirilgan “UzAgroExpo – 2017” hamda “UzProdExpo – 2017” XIII xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.

“O‘zekspomarkaz”da qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashtirilgan “UzAgroExpo – 2017” hamda “UzProdExpo – 2017” XIII xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “IEG Uzbekistan” xalqaro kompaniyaci bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Germaniya, Rossiya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Finlyandiya, Gollandiya, Hindiston, Belarus, Latviya, Ukraina va Qozog‘iston kabi davlatlardan 120 kompaniya vakillari ishtirok etdi.

“UzAgroExpo – 2017” ko‘rgazmasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va ehtiyot qismlari, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, veterinariya yo‘nalishidagi texnologiyalar, intensiv bog‘lar uchun mevali daraxt va dekorativ o‘simliklar ko‘chatlari namunalari, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va tashishga ixtisoslashgan uskunalarning keng ekspozitsiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

10.JPG

– Kompaniyamiz o‘simlikshunoslik sohasida yetakchi bo‘lib, bu yo‘nalishdagi turli xizmatlar va mahsulotlar to‘plamini taklif qiladi, – deydi Gollandiyaning «Royal Brinkman» kompaniyasi vakili Yekaterina Volyanskaya. – Bizda tuvaklarda o‘stirish uchun 36 mingdan ortiq sabzavot, gullar, o‘simliklar turi mavjud. Shuningdek, suv va elektrotexnika jihozlari, issiqxonalarda mikroiqlimni boshqarish, almashlab ekish uchun mashinalar, dezinfeksiyalovchi qurilmalar, plyonka va setkalar ham yetkazib beramiz. O‘zbekiston tadbirkorlari bilan o‘nga yaqin o‘zaro manfaatli shartnoma tuzdik.

– Mazkur ko‘rgazmalarda ilk marotaba ishtirok etib, o‘z mahsulotlarimizni namoyish qildik, – deydi Ispaniyaning issiqxona uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi «Xota Uete» kompaniyasi ta’sischisi Xaver Lazaro. – Texnologiyalarimiz Yevropa, Osiyo, Amerikaning o‘ttizga yaqin mamlakatida foydalaniladi. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda ana shunday mahsulotlarga talab yuqori bo‘lmoqda. Issiqxonalarimizning afzalligi shundan iboratki, ularda ishlatiladigan texnologiyalar elektr tejamkorligi bilan ajralib turadi, plyonkalar esa yorug‘likni yaxshi o‘tkazishga moslashtirilgan. O‘zbekistonda turli sohalar qatori agrar sanoatda faoliyat ko‘rsatayotgan chet ellik investor va sheriklar uchun qator soliq va bojxona imtiyozlari, boshqa preferensiyalar joriy etilgani e’tiborimizni tortdi.

13.JPG

“UzProdExpo – 2017” ko‘rgazmasida oziq-ovqat sanoati va qayta ishlash sanoatining barcha tarmoqlari uchun asbob-uskunalar namoyish etildi. Turli sig‘imdagi idishlar va o‘rama materiallar, do‘kon va supermarketlarni tayyor holda topshirish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimlar, muzlatish kameralari, sovutish qurilmalari shular sirasidandir.

– O‘zbekistonda meva-sabzavotlar va poliz mahsulotlari yetishtirishda urug‘ tanlashdan tortib turli zararkunandalarga qarshi biologik kurashish va tadbirkorlarga lizingga texnika vositalarini berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan mukammal tizim yaratilgan, – deydi Rossiyaning «AgroPlyus» kompaniyasi direktor o‘rinbosari Yuliya Tkachenko. – To‘rt yildan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayapmiz. Har bir qishloq xo‘jaligi ekini uchun turli me’yorlarda fosfor va kaliy bilan boyitilgan, mevaning eksportbopligini oshirib, ta’m va ko‘rinishini yaxshilovchi o‘g‘itlarimiz ko‘pchilikka manzur bo‘layotir. Xususan, O‘rta Chirchiq tumanidagi qator yer egalari bilan sholi, bug‘doy va poliz ekinlari hosildorligini oshirish, ekologik toza, sifatli mahsulot yetishtirish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida ulkan salohiyatga ega. Buni ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan mahsulotlar yaqqol tasdiqlab turibdi. Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilayotgan e’tibordan ruhlangan ishbilarmonlar tadbir davomida o‘zlari uchun manfaatli bo‘lgan ko‘plab kelishuvlarga erishdi. Bu esa kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va mahsulot turini ko‘paytirishga xizmat qiladi.