French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo iqtisodiyoti mikrosxemalarga qarab qolgan
18:22 / 2022-07-21

Hozirgi texnika va texnologiyalarni, qaysi sohada bo‘lmasin, yarim o‘tkazgichlarsiz, mikrochiplarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bu holatga biz bir muddat avval o‘zimizning avtosanoatda ham guvoh bo‘ldik. Mikrochiplar yetkazib berish zanjiri to‘xtab qolgani uchun xaridorlar buyurtma bergan mashinalarini vaqtida ololmay qoldi. Xullas, 2020 yilda boshlangan yarim o‘tkazgichlar yetishmovchiligi, mana, ikki yildan buyon davom etmoqda.

2019 yil boshlangan pandemiya hamon davom etishi sharoitida dunyo iqtisodiyoti ma’lum qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdi: ishlab chiqarish ob’ektlari yopildi, odamlar uyda o‘tirib qoldi. Natijada boshqa mahsulotlar qatori yarim o‘tkazgichlar yetkazib berish zanjirida ham uzilish paydo bo‘ldi. Qolaversa, Ukraina inqirozi, AQSH bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi va keskinlik, tabiiy ofatlar, insofsiz vositachilar va boshqa ko‘plab global muammolar yarim o‘tkazgichlar bilan bog‘liq tanglik davomli bo‘lishidan darak bermoqda.

Mikrosxema yetishmovchiligida kim aybdor?

Inqirozning birinchi to‘lqini 2020 yil, koronavirus pandemiyasi tarqalishi bilan boshlandi. Yuqorida aytganimizdek, odamlar uyida o‘tirib qolgani uchun turli gajetlar, ayniqsa smartfon va noutbuk, o‘yin moslamalari sotib ola boshladi. Bunday qurilma kun bo‘yi to‘rt devor orasida qamalib o‘tirishni, biroz bo‘lsa-da, osonlashtirgani barobarida masofadan turib pul ishlash imkonini yuzaga chiqardi.

Koronavirusdan kasallanish holati ko‘payib, barcha mamlakatlarda tibbiyot sohasi kuchli bosim ostida qoldi. Barchaga ma’lum, zamonaviy tashhis apparatlari chiplarsiz ishlamaydi. Shu sabali mikrosxema saqlanayotgan omborlar qisqa fursatda bo‘shay boshladi. Aksariyat IT-korporatsiyalar esa “Samsung”, “TSMC” va “Foxconn” kabi yetakchilarga ishonib, ushbu mahsulotni o‘zlarida chiqarmagani bois mikrochiplar taqchilligiga duch keldi va ishlab chiqarish ko‘rsatkichi pasaydi.

Yoppasiga kasallanish va lokdaun kremniy giganti ishlab chiqarish chizig‘ini sekinlashtirdi. Qolaversa, xom ashyo va mahsulot yetkazib berish zanjirida ham jiddiy uzilish ro‘y berdi. Ayniqsa, yuk tashishda muammo ko‘paydi, ya’ni buyurtmachilarga tayyor chip yetib borishi qiyinlashdi.

Muammoning texnogen halokat va global isish bilan ham bog‘liq

Ishlab chiqarishdagi halokat ham, yer yuzida iqlim o‘zgarishi ham mikrosxema yetishmovchiligisabablaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. 2021 yil kremniy plastin ishlab chiqarish ob’ektlarida qator yong‘inlar yuz berdi. Bu bir nechta yirik brendlarning bir necha oyga jadvaldan chiqib ketishiga olib keldi.

Shuni ham e’tibordan qochirmaslik kerakki, kremniy kristalini ishlab chiqarish uchun juda ko‘p tozalangan chuchuk suv kerak. Masalan, “TSMC” bir kunda 150 ming tonna suv ishlatadi. Tayvanda esa 2021 yilda kuzatilgan rekord darajadagi qurg‘oqchilik yarim o‘tkazgich sanoatiga jiddiy bosim o‘tkazdi.

Bu yoqda AQSH va Xitoy munosabati...

Mikrochiplar tanqisligi haqida gap ketganda AQSH va Xitoy qarama-qarshiligi omilini ham yoddan chiqarmaslik zarur. Donald Tramp prezidentlik qilgan davrida Amerika hukumati Xitoyning yuqori texnologiyalar bo‘yicha gigant kompaniyasi – “Huawei”ga nisbatan sanksiya qo‘lladi. Natijada ushbu kompaniya tez fursatda smartfon bozorida yetakchilik pozitsiyasini qo‘ldan berdi. Keyin amerikaliklar “TSMC”ga “Huawei” kompaniyasi uchun mikrochip yetkazib berishni man etdi. Xullas, taqiq tufayli Xitoyning  yarim o‘tkazgichlar bilan bog‘liq xavfsizligiga jiddiy ziyon yetdi.

Jo Bayden Oq uyga kelgandan keyin ham Xitoyga qarshi bosim kamaymadi. Aksincha, Tayvan masalasi bilan bog‘liq harbiy qarama-qarshilik tahdidi yuzaga keldi. Mabodo, Tayvan atrofidagi vaziyat AQSH bilan Xitoy o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvga aylanib ketsa, tabiiyki, yarim o‘tkazgich inqirozi eng yuqori cho‘qqiga yetadi.

Mavzuga Ukraina voqeasining qanday aloqasi bor?

Gap shundaki, Ukraina kremniy plastin ishlab chiqarish zanjirida muhim bug‘in hisoblanadi. Mavjud neon gazinining 50 foizi Ukrainadagi «Krioin Injiniring» va «Ingaz» kabi yetakchi korxonalarga tegishli. Hozir ishlamayotgan mazkur kompaniyalar xaridori Janubiy Koreya, AQSH, Germaniya va tabiiyki, Tayvandagi yetakchi chip ustalaridir. Mikroelektronikaga talab yildan-yilga ortishi hisobga olinadigan bo‘lsa, chip tanqisligi ham kuchayishini anglash qiyin emas.

Shanxayda lokdaun: yana COVID-19

Koronavirus mavzusi hozir OAV uchun unchalik dolzarb emas, lekin bu muammo hali g‘oyib bo‘lmagan. Xitoyda aprel oyida koronavirus infeksiyasi tarqalishi yana avjiga chiqdi. Aholisi 24 million kishini tashkil etadigan Shanxay shahrida qattiq lokdaun boshlandi. Koronavirusga qarshi olib borilayotgan qat’iy siyosat jahon iqtisodiyotiga hamda yarim o‘tkazgichlar sohasiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

Zero, Shanxayda ulkan transmilliy korporatsiyalar qo‘nim topgan. “Apple”, “Coca-Cola”, “Tesla”va boshqa gigantlarning zavod-fabrikalari ushbu shaharda ham faoliyat yuritadi. Dunyoning uchinchi fond birjasi joylashgan ushbu shahar 12 yildan buyon eng yirik konteyner porti maqomini egallab kelmoqda. Qolaversa, Xitoyning asosiy mikrochip ishlab chiqaruvchi kompaniyasi hisoblangan “SMIC” ham aynan Shanxayda joylashgan.

Mikrochip ishlab chiqarish korxonalari tez-tez ishlamay, turib qolishi 500 dan ortiq kema portda tiqilib qolishi, investorlar boshqa sohilga yuzlanishi... bularning bari asosiy qiyinchilik hali oldindaligidan darak bermoqda.

Kimdir ko‘p, kimdir oz, baribir, ziyon ko‘radi

Bozorda chip taqchilligi haqidagi yangilikni o‘qib, bu holatni elektronika do‘konlarida sotilayotgan gajetlar soni bilan solishtirar ekanmiz, qandaydir nomutonasiblikka guvoh bo‘lamiz. Demak, smartfon, kompyuter va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi mashhur kompaniyalar boshqa, nisbatan kuchsizroq raqobatchilariga qaraganda kam zarar ko‘rgan.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan soha, asosan, avtomobil va tibbiyot sanoati. Masalan, 2021 yil avtomobilsozlar daromadi 100 milliard dollarga qisqargan. Natijada joriy yil avtomobil ishlab chiqarish kamida 7-9 million donaga kamayadi. Yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari ta’kidlashicha, mikroprotsessor taqchilligi oqibati 2023 yilgacha seziladi. Mutaxassislar avtomobil bozoridagi vaziyat 2024 yildan keyingina barqarorlashishi mumkin, deyishmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasida ham vaziyat achinarli. Zamonaviy sun’iy nafas yuborish uskunalari, tomograf, ultratovush jihozi va boshqa tibbiy texnika vositalari murakkab qurilmalar bo‘lib, mikroprotsessorlarsiz umuman ishlamaydi. Muammo shundaki, mikroprotsessor yetishmovchiligi davom etsa, tibbiy texnika yetkazib beruvchi kompaniyalar yangi modellar ishlab chiqarishni qisqartirishiga to‘g‘ri keladi.

Gap iste’mol elektronika uskunalari xususida ketganda shuni ta’kidlash joizki,  smartfon, planshet va kompyuter texnikasi biroz qimmatlashishini aytmasa, soha boshqa qiyinchilikka uchramaydi. Zero, “Samsung” yoki “Intel” kabi yirik IT-kompaniyalar yo o‘zining quvvatiga ega bo‘lishi yo boshqa mikrochip ishlab chiqaruvchini o‘ziga og‘dirib olishi mumkin. Baribir, pul va obro‘ hamma narsaga qodir emas ekan. Hatto, “Apple” ham yangi “iPhone-13” smartfoni ishlab chiqarilishini 20 foiz qisqartirishga majbur bo‘lmoqda.

Yechim qayerda?

Mikrosxema atrofidagi tang ahvolga qaramay, mamlakatlar va ishlab chiqaruvchilar  yarim o‘tkazgich inqirozini hal qilishning yangi yo‘llarini qidirishda davom etmoqda. Xo‘sh yechim qayerda? Birinchidan, yangi zavodlar barpo qilish kerak. Masalan, “TSMC” AQSH Arizona shtatida zamonaviy chips ishlab chiqaruvchi fabrika quryapti. Umuman, bu kompaniya Amerika hududida yana 6 ta yangi zavod qurishni rejalashtirgan. Ushbu loyihalar uchun 100 milliard dollar ajratiladi. “TSMC” yangi zavodlarini boshqa mamlakatlarda ham qurmoqchi. Masalan, korporatsiya “Sony Group” bilan birga Yaponiyada mikrochip ishlab chiqarish fabrikasi ishga tushirishni ko‘zlagan. “Foxconn” esa ushbu sohada Hindistonga investitsiya kiritmoqchi.

Mikrosxema ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy ham ilg‘orlardan ortda qolmoqchi emas. Chin mamlakati o‘z hududida mikrosxema ishlab chiqarishga juda ko‘p mablag‘ jalb qilish niyatida. Masalan, XXR hukumati  ushbu sohani rivojlantirish uchun 2025 yilgacha “Alibaba Group” va  “Huawei”ga 1,4 trillion dollar ajratmoqchi va shu yo‘l bilan sohaning xorijiy ishlab chiqaruvchilarga qaramligini qisqartirmoqchi. Bundan tashqari Xitoy katta maosh va yaxshi mehnat sharoiti va’da qilib, “TSMC” va “Foxconn” xodimlarini o‘ziga og‘dirib olishga harakat qilmoqda.

“Intel” ham mikrosxema ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zavodlar qurishini ma’lum qilgan.

Demak hammasi izga tushadi.

Unchalik emas, deydi mutaxassislar. Yangi zavod-fabrika qurilishi yaxshi, albatta. Binobarin, bu ishlar tez amalga oshmaydi. Hatto, zavod tez qurilgani bilan koronavirus epidemiyasi, murakkab iqlim sharoiti, dunyodagi siyosiy vaziyat mazkur muammoning tez orada yechim topishiga bo‘lgan umidni yo‘qqa chiqaradi.

Xullas, IT-kompaniyalar vaziyatning yaxshilanishi bo‘yicha turli taxminlarni keltirmoqda. Masalan, “Intel” bosh direktori ta’kidicha, yarim o‘tkazgich tanqisligi kamida 2024 yilgacha davom etadi. Darvoqe, 2020 yili tahlilchilar vaziyat 2021 yilda o‘nglana boshlashini aytgandi. Afsuski, bu muddat cho‘zilyapti. Shunday ekan, chip taqchilligi yana kamida 3-4 yil kuzatilishi turgan gap, deydi ekspertlar. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

Internet materiallari asosida 

S.Rahimov tayyorladi.

O‘zA