Sentyabr oyining ikkinchi yarmida AQSH, Filippin, Ukraina, Qirg‘iziston, Janubiy Afrika, Pokiston, Tailand, Ruminiya, Hindiston kabi dunyoning 121 mamlakatidan 1800 dan ziyod delegat Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan “HWPL” Tinchlik sammiti 9 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etdi.
– Institutsional tinchlik bo‘yicha ko‘p tomonlama strategiyani amalga oshirish” mavzusida tashkil etilgan anjumanda xalqaro huquq, din, ta’lim, yoshlar, ayollar, ommaviy axborot vositalari sohalari yetakchilari va ekspertlari uchun to‘rt kun davomida 30 ga yaqin sessiya tashkil qilindi, –deydi BMTning EKOSOS tuzilmasi huzuridagi “HWPL” xalqaro Tinchlik uchun tashkiloti MDH bo‘yicha matbuot xizmati rahbari Mariya Zaxarchenko O‘zA muxbiriga.
Nafaqat mintaqalar, balki davlatlarda ham tinchlik uchun qonunan majburiy bo‘lgan xalqaro huquqni ta’minlashga qaratilgan amaliy, foydali strategiyalar yuzasidan qizg‘in munozara kechdi.
Matbuot anjumanida EKOSOSda ro‘yxatdan o‘tib, tashkilotchi vazifasini bajarayotgan “Samoviy madaniyat, dunyo tinchligi va yorug‘likning tiklanishi” (HWPL) tashkiloti raisi Li Man Xi qatnashchi mamlakatlar siyosatchilari va rahbarlariga murojaat qilib, urush faxriysi sifatida, qurolli mojarolarning og‘ir haqiqati xususidagi shaxsiy tajribasiga tayangan holda, tinchlik yo‘lida hamkorlik qilish zarurligini ta’kidladi:
– Nima uchun yoshlar urushda jonini qurbon qilishi kerak? Siyosat nima va kim uchun? Urush boshlansa, jang maydonida siyosatchilar emas, hayotining eng go‘zal davrini o‘tkazayotgan yoshlar halok bo‘ladi. Tinchlikka faqat so‘z bilan erishib bo‘lmaydi. Osoyishtalikni, agar bo‘lmasa, yaratishimiz kerak. Shu maqsadda biz tinchlik faoliyatini amalga oshirish uchun dunyo bo‘ylab 32 marta safar uyushtirdik. Yer yuzida tinchlik hukm sursa, achinarli o‘limlar bo‘lmaydi. Xalqaro huquqni joriy qilish orqali avlodlarimiz yashaydigan jahon hamjamiyatiga tinchlikni meros sifatida qoldirishimiz kerak!

Sammitning asosiy sessiyasida Ruminiyaning uchinchi Prezidenti, professor, doktor Emil Konstantinesku tinchlik mavhum tushuncha emasligi, balki insoniyat tinch muhit yarata oladigan eng oliy qadriyat ekani, odamlar zo‘ravonlik, qurolli to‘qnashuv yoki ruhiy bosim tahdidisiz yashay olishi, buning uchun “insonga qarshi” munosabatni “inson yonidagi inson” bilan almashtiradigan yangi mezonlar tizimini shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Barchani ana shu ezgu maqsad yo‘lida qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar amalga oshirish ustida ishlashga chaqirdi.
2014 yil qabul qilingan “Biz birgamiz” shiorida adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun “HWPL” Tinchlik o‘rnatish va urushlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi deklaratsiya (DPCW)si asosida xalqaro miqyosda kelishilgan aniq institutsional tinchlik o‘rnatilishi zarurligi aks ettirilgan. Loyiha dunyo bo‘ylab nizolarning oldini olishdan tortib, tinchlikni saqlashgacha bo‘lgan keng qamrovli chora-tadbirlarni taklif qiladi. Bundan tashqari, “HWPL” dinlararo muloqotni, yoshlar va ayollar uchun tinchlik faoliyatini targ‘ib qilish, tinchlik ta’limini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari orqali tinchlik madaniyatini targ‘ib qilish kabi tadbirlarni jamlaydi.
Tuzilma boshqaruvi direktori Kang Taye Xo 176 mamlakatda 900 000 ga yaqin fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Tinchlik va urushlarni to‘xtatish deklaratsiyasi (DPCW) bo‘yicha natijani taqdim etdi.

Filippinning musulmonlar yashaydigan Mindanao hududidagi Bangsamoro muxtor viloyati bosh vaziri Ahad Ibrohim Al-Hoji shunday deydi:
– Bugun barchangizning oldingizda g‘urur bilan Bangsamoro tinchlik, farovonlik va adolat hukm surayotgan diyor ekanini ta’kidlab, bu zaminda musulmonlar, nasroniylar, mahalliy xalqlar va Lumad elatidan bo‘lgan birodarlar hamjihat yashamoqda, demoqchiman. Tinchlik va taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘yayotgan ekanmiz, dunyoning turli burchaklaridagi har bir nufuzli yetakchi, siyosatchi va tinchlik tarafdorini qurolsizlanishni targ‘ib etishga, barqaror kelajak noibi vazifasini bajarishga chaqiraman. Dunyo tarixini yozishda davom etaylik!
“HWPL” nizolarning oldini olish va dinlararo muloqot orqali yarashuvga ko‘maklashish maqsadida dunyoning 130 davlatida turli dinga mansub bitiklarni qiyosiy o‘rganish platformasi – Diniy tinchlik akademiyasi (RPA)ni ishga tushirgan. Bundan tashqari tinchlikparvar qadriyatlarni o‘rgatish va amalda qo‘llash uchun “HWPL”ning tinchlik bo‘yicha ta’lim dasturi 90 mamlakatdagi maktablar va boshqa ta’lim muassasalarida o‘qitilmoqda.
Tashkilot rasmiylari Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan global tinchlik elchilariga minnnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Janubiy Koreya hukumati va xalqaro hamjamiyatni mustahkam tinchlikka hissa qo‘shish uchun hamkorlikka chaqirdi.
Tadbir yakunida tinchlik tashabbuslari bo‘yicha hamkorlik jarayonidagi alohida faolligi uchun 13 kishiga “HWPL” tinchlik mukofoti topshirildi.
S.Rahimov, O‘zA