Yangi yilning ilk kunlari Yaponiyadan xushxabar keldi. Karikaturachi rassom Mahmudjon Eshonqulov xalqaro hay’atning qarori bilan taqdirlanibdi. Bundan sal avvalroq esa o‘zbek karikaturachisi dunyoning eng mashhur o‘n nafar rassomlaridan biri, deb e’tirof etilgandi.
– Norvegiyaning Oslo shahrida siyosiy karikaturalar va rassomlar faoliyatini baholovchi hay’at bor. Ular har yili dunyoning 10 ta karikaturasi va rassomini taqdirlaydi. 2025 yil natijalariga ko‘ra, ular orasida men va mening “Bolalar va urush” deb atalgan suratim ham bor edi, – deydi Mahmudjon Eshonqulov.

Zamona murakkablashib bormoqda. Har yer - har yerda otilgan o‘qdan insonlar, bolalar halok bo‘lmoqda. Rassom Mahmudjon Eshonqulov dars tayyorlayotgan bolakay ortida turgan uchta qurollangan harbiyning xavotirli siymosini chizgan. Quyosh esa qizil emas, qora rangda. Bunday ishora va falsafa davr nafasining qalamdagi aniq ifodasi deb topildi va muallif dunyoning top o‘ntaligiga kiritildi.

Aslida o‘tgan yillarda Mahmudjon aka karikaturalari Xitoy, Turkiya, Sloveniya, Rossiya kabi ko‘plab mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan tanlov va ko‘rgazmalarda yuqori baho oldi. Bu asarlar bilan uning hamyurtlari bemalol tanisha oladilar. Darvoqe, O‘zbekistonda karikaturalar galereyasi borligini bilasizmi? Bilmasangiz, bilib oling. Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida iqtidorli rassom Mahmudjon Eshonqulovning karikaturalar galereyasi 2024 yildan buyon ishlab turibdi.

Aslida karikatura hayotda uchraydigan kamchiliklarni hajv qiladi. Odamlarni ezgulik, halollik va vatanparvarlikka undaydi.

– Mening maqsadim odamlar rasmlardan ham ma’naviy ozuqa olishini xohlayman. Karikatura satira bilan bog‘liq. Tanqid bo‘lganidan keyin ,albatta, jamiyat sog‘lomlashadi. Kamchiliklar bartaraf etiladi. Mening rasmlarimda ham tanqidiy munosabatlar bor. Lekin ularni ko‘rib ham kulasi, ham kuyasiz, – deydi rassom.



Shu o‘rinda yana bir gapni aytmasak bo‘lmas. O‘zbekistonda yagona bo‘lgan karikatura galereyasi jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadi. Uning na o‘z binosi, na haq to‘lanadigan ish birligi bor. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi yoxud viloyat hokimligi uni doimiy faoliyat yuritadigan o‘z egalik maqomidagi bino bilan ta’minlab, bir nafar bo‘lsada ish yurituvchi-targ‘ibotchi lavozimini ta’sis etsa, badiiy tafakkur rivojiga hissa qo‘shilgan bo‘larmidi...
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/v2wXtZX4p-g" title="Dunyo e’tirof etgan o‘zbek karikaturachisi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA