Yangi yil – turli xalqlar, madaniyatlar va an’analarni birlashtiradigan bayramlardan biri. U dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida nishonlanadi, ammo har bir davlat bu kunni o‘ziga xos urf-odatlar, ramzlar va bayramona marosimlar bilan qarshi oladi. Quyida ayrim davlatlarda Yangi yil qanday nishonlanishi haqida qiziqarli ma’lumotlarni havola etamiz.
Yaponiyada Yangi yil eng muhim bayramlardan biri hisoblanadi. Ayyom arafasida odamlar uy-joylarini tozalaydi, bu “o‘tgan yil tashvishlaridan xalos bo‘lish” ramzi sifatida qabul qilinadi. 31 dekabr kuni buddaviy ibodatxonalarda ulkan qo‘ng‘iroq 108 marta chalinadi. Bu insondagi 108 ta nafs istagidan poklanish ma’nosini anglatadi. Yangi yilning birinchi kunida esa yaponlar ibodatxonaga borib, yangi yil uchun niyat qiladi.
Ispaniyada Yangi yil tungi soat 12:00 da 12 ta uzum yeyish an’anasi mavjud. Har bir uzum kelayotgan oylardan biriga ishora qiladi va bu marosim omad hamda farovonlik olib kelishiga ishoniladi. Bu an’ana XX asr boshlarida paydo bo‘lgan bo‘lib, hozirgacha keng saqlanib kelinmoqda.
Braziliyada Yangi yil asosan okean sohillarida nishonlanadi. Rio-de-Janeyroda millionlab odamlar oq kiyimda sohilga chiqib, dengiz ilohiga gullar va shamlar taqdim etadi. Oq rang tinchlik va yangilanish ramzi hisoblanadi. Bayram tunda salyutlar otish va musiqali shou bilan davom etadi.
Germaniyada Yangi yilni qarshi olish “Zilvestr” deb ataladi. Bu kunda odamlar qo‘rg‘oshin quyish an’anasini bajaradi: eritilgan qo‘rg‘oshin sovuq suvga quyilib, hosil bo‘lgan shaklga qarab kelayotgan yil taqdiri taxmin qilinadi. Shuningdek, yirik shaharlarda ommaviy shoular tashkil etiladi.
AQSHda Yangi yil bayramining eng mashhur ramzi — Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan “shar uchirish” marosimidir. Bu an’ana 1907 yildan beri davom etmoqda. Minglab odamlar sovuqqa qaramasdan maydonga yig‘ilib, soat 12:00 ni birga qarshi oladi. Bayram konsertlar va oilaviy ziyofatlar bilan nishonlanadi.
Xitoyda Yangi yil oy taqvimi asosida odatda, yanvar–fevral oylarida nishonlanadi va u “Bahor bayrami” deb ataladi. Bayram 15 kun davom etadi. Qizil rang asosiy ramz hisoblanadi, chunki u yovuzlikdan himoya qiladi, deb ishoniladi. Ayyom davomida o‘tganlar xotirlanib, oilaviy yig‘ilishlar o‘tkaziladi.
Shotlandiyada Yangi yil “Xogmanay” nomi bilan mashhur. Bayramning asosiy urf-odati — “birinchi mehmon” an’anasidir. Yangi yil kirgandan keyin uyga birinchi bo‘lib kirgan kishi omad olib keladi, deb hisoblanadi. Ayniqsa, qo‘lida ko‘mir yoki non bilan kirish yaxshi alomat sanaladi.
Avstraliyada Yangi yil yoz fasliga to‘g‘ri keladi. Odamlar sohillarda, kemalarda va ochiq maydonlarda Yangi yilni qarshi oladi. Bayram ko‘proq ochiq havoda, do‘stlar va oila davrasida nishonlanadi.
Umuman olganda, dunyoning turli nuqtalarida Yangi yil turlicha nishonlansa-da, barcha xalqlarni birlashtiruvchi umumiy g‘oya mavjud – yangi umidlar, ezgu niyatlar va kelajakka ishonch.
Musulmon Ziyo tayyorladi,
O‘zA