Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo bo‘yicha qariyb 2 milliard gektar yer maydoni yaroqsiz ahvolga kelib qolgan
16:12 / 2021-12-01

Butun yer yuzida yuz berayotgan global iqlim o‘zgarishlari, yerlarning yaroqsiz holga kelishi, tuproq sho‘rlanishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi ekologiyaga, iqtisodiyot tarmoqlari rivoji va insoniyatning farovon kelajagiga jiddiy xavf solmoqda.

Ko‘pgina mamlakatlarda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyaga uchrashi oqibatida dunyo bo‘yicha qariyb 2 milliard gektar yer maydoni yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Jumladan, O‘zbekiston hududining 70 foizi yoki 31,4 million gektari tabiiy sho‘rlanishga, qum ko‘chkilari, changli bo‘xron yoki garmsellar ta’siriga uchragan qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil maydonlardan iborat. Ayniqsa, Orol fojiasi oqibatida 5,5 million gektardan ortiq yer tuzli cho‘lga aylangani achinarlidir. Dunyodagi bu kabi holatlar ekologik tahdidlarning nechog‘li yuqoriligini anglatadi.

Bugun Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi, Ekoharakat, O‘zbekiston milliy universiteti,  Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Sho‘rlangan tuproqlarda biodehqonchilik xalqaro markazi hamkorligida “Orolbo‘yi tuproq, iqlim, bioxilma-xilligi holati: dolzarb muammolar va innnovatsion yechimlari” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov bugungi kundagi ekologik muammolar, Orol halokati, uning salbiy ta’sirlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Orol halokati global ekologik muammo sifatida dunyo e’tiborini o‘ziga tortdi. Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskin tus olayotgan bir paytda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatda aniq va tezkor choralar bilan jahon hamjamiyatini Orol muammosiga e’tibori, munosabatini o‘zgartirdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Mazkur rezolyutsiyada belgilangan vazifalar ijrosini bajarish maqsadida 2021 yil 29 iyulda “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Orolbo‘yi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurslarni tejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq 7 ta yo‘nalishdagi 2021-2024 yillarda amalga oshirilishi belgilangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.  Shu bilan birga, 65 ta ustuvor innovatsion loyihalar ham tasdiqlangan. Ushbu loyihalar uchun turli manbalardan 1,9 trillion so‘m mablag‘ sarf etilishi va natijada 4 ming 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020 – 2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida 2 ming 788 ta loyiha va ob’ektlarda 21 trillion 209 milliard so‘mlik keng ko‘lamli ishlar bajarilishi rejalashtirilgan.

– Orol muammosi nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun insoniyatga tegishli dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda, – deydi Sho‘rlangan yerlarda biodehqonchilik xalqaro markazi rahbari Aziz Karimov. – bugungi konferensiyada asosan Orol falokati natijasida yuzaga kelayotgan muammolar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yer va suv xo‘jaligida olib borilayotgan siyosat, bu borada mahalliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan qaratilayotgan e’tibor, kutilayotgan natijalar kabi masalalar muhokama qilindi. Sho‘rlangan yerlarda biodehqonchilik xalqaro markazi tomonidan taklif etilayotgan bir qancha loyihalar ko‘rib chiqildi. Ular asosida ishlab chiqiladigan tavsiyalar kelgusi faoliyatimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

[gallery-4889]

Xalqaro konferensiyada videokonferensaloqa shaklida ishtirok etgan Xalqaro tuproqshunoslik birlashmasi boshlig‘i Laura Berta Sanches xonim ishtirokchilarga videomurojaat qilib, sayyoramizda yuz berayotgan ekologik muammolarni yumshatish bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bayon qildi. Shuningdek, sohaga oid xalqaro darajadagi vakillarning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabriklari o‘qib eshittirildi. Shuningdek, Senat tomonidan Orol muammosi va uning yechimlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga oid tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

Konferensiyada hozirgi murakkab vaziyatda yurtimizda yer resurslarini asrash, undan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani alohida qayd etildi. Mamlakatimiz cho‘llanishga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy hamda Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani ta’kidlandi.

Aholining oziq-ovqat xavfsizligi hamda sanoat tarmoqlarini muhim xom ashyolar bilan kafolatli ta’minlash, eksport salohiyatini yuksaltirish bevosita yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlashga bog‘liq. Mamlakatimiz hududining 9,6 foizi sug‘oriladigan yerlarga to‘g‘ri kelib, ushbu maydonlarda barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 95 foizdan ortig‘i yetishtiriladi.

Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan bevosita hududlarga chiqilib, mazkur sohada olib borilayotgan ishlar nazorat-tahlil tartibida o‘rganilmoqda, mavjud muammolarni hal etish choralari ko‘rilmoqda. 

Konferensiyada qo‘mita ekspertlar guruhi a’zolari tomonidan o‘simliklarning to‘liq oziqlanishini ta’minlash uchun yangi avlod bioo‘g‘itlar asosida yangi ekologik xavfsiz, resurstejamkor, iqtisodiy jihatdan samarali bioagrotexnologiya yaratilgani alohida qayd etildi. Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ming 440 gektar maydonda mazkur biotexnologiya qo‘llanilgan.

Natijada ekilgan urug‘larning 98 foizi unib chiqqan, mineral o‘g‘itlar miqdori 25-50 foizga kamaygan, tuproqning unumdorligi 20-30 foizga oshgan, hosildorlik 20 foizga ko‘tarilib, hosil pishishi muddati 15-20 kunga qisqargan. Shuningdek, o‘simliklarni kasalliklar va zararkunandalar bilan zararlanishi kamaygan, sarflanadigan suv miqdori 25-30 foizga va ekiladigan urug‘lar me’yori 10-20 foizga kamaygan. 

Konferensiya doirasida yer resurslaridan oqilona foydalanishning tashkiliy-huquqiy asoslari, oliy o‘quv yurtlarida zamonaviy tuproqshunos-agrokimyogar mutaxassislarni tayyorlash, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish, degradatsiyaga uchragan tuproqlar unumdorligini oshirish uchun innovatsion texnologiyalar va yangicha yondashuvlar, sho‘rlangan tuproqlar sharoitida biodehqonchilik kabi masalalar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.

 

Muhtarama Komilova, 
Temur Mamadaminov (surat) O‘zA