22 aprel – Xalqaro Yer kuni
So‘nggi bir necha o‘n yilliklardan buyon ko‘pgina mamlakatlar cho‘llanish va yerlarning degradatsiyaga uchrashi muammolarini boshidan kechirmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham bu kabi muammolar yo‘q emas. Ana shunday murakkab ekologik vaziyatda yurtimizda yer resurslari unumdorligini oshirish, ulardan oqilona foydalanish, tuproqning degradatsiyasi va eroziyasining oldini olish, qishloq xo‘jaligi yerlari meliorativ holati va suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bugun, 22 aprel – Butunjahon Yer kuni. Ushbu sana munosabati bilan ekolog olim, O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Boriy Alixonov bilan suhbatlashdik.

– 22 aprel – Butunjahon Yer kuni sifatida ta’sis etilishining omillari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Bugungi kunda Yer sayyorasi aholisi 8,2 mlrd. kishiga yetdi. Jahonda yuz berayotgan global iqlim o‘zgarishlari, yerlarning yaroqsiz holatga kelishi, biologik xilma-xillikning kamayib borishi nafaqat iqtisodiyot tarmoqlari rivoji, shu bilan bir qatorda insoniyatning farovon kelajagiga ham jiddiy xavf solmoqda. XXI asrning ikkinchi o‘n yilligiga kelib ko‘pgina mamlakatlar cho‘llanish va yerlarning degradatsiyaga uchrashi muammolarini boshidan kechirayotgani, oqibatda dunyo bo‘yicha qariyb 2 milliard gektar yer maydoni yaroqsiz ahvolga kelgani masalaning nechog‘li dolzarb ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Bu borada yer muammolariga insoniyatning e’tiborini qaratish harakatlari o‘tgan asrning 70 yillaridan boshlangan edi. 1970 yildan boshlab har yili 22 aprel kuni jahondagi barcha mamlakatlarda turli tadbirlar va aksiyalar o‘tkaziladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2009 yildan 22 aprelni “Butunjahon Yer kuni” deb e’lon qildi. Ushbu ekologik sana yer muammolariga insoniyatning e’tiborini jalb qilish va bu borada muayyan chora-tadbirlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, 1992 yil iyun oyida Rio-de-Janeyro shahrida BMTning atrof-muhit va rivojlanish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyasida Atrof-muhit va rivojlanish to‘g‘risidagi Deklaratsiya, shuningdek, “XXI asr kun tartibi” nomli harakat Dasturi qabul qilingani e’tiborga molik.

– Yerdan samarali foydalanish masalalarida O‘zbekistonda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Yurtimizda ham yer resurslarini asrash, undan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvetsiyaga, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyaga va Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shildi. Ushbu konvensiyalarning ko‘plab majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan bir qator muhim starategik hujjatlar qabul qilingan. Jumladan: “Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar Dasturi”, “Qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi”, “Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi”, “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha davlat dasturi” va boshqalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining iqlim o‘zgarishlari, cho‘llanishga qarshi kurashish, biologik xilma-xillikni saqlash, butunjahon madaniy merosni muhofaza qilishga doir konvensiyalar hamda boshqa ekologik yo‘nalishdagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda salmoqli ishlar olib borilayotganidan dalolatdir.
Shuningdek, sohaning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi hamda “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi qonunlari, Prezident farmonlari va hukumatning bir qator qarorlari qabul qilindi. Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini ko‘zlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, tuproq unumdorligini tiklash va oshirish, tabiiy muhitni asrash va yaxshilash, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlashga sxizmat qilmoqda.
“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun normalariga asosan fermer xo‘jaliklariga yer uchastkalari uzoq muddatga, ya’ni 50 yilgacha, biroq 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berilishi belgilandi. Bugungi kunda fermerlik harakati xaqli ravishda sohaning yetakchi bo‘g‘iniga aylanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi asosiy kuch maqomini oldi. Ammo bu borada ishga, yerga bo‘lgan munosabatga e’tibor qaratish, fermer xo‘jaliklariga davlat tomonidan berilgan zarur imtiyoz va preferensiyalar natijadorligini nazorat qilish, qishloq xo‘jaligi ekin yerlarining ball bonitetini yanada oshirish lozim bo‘ladi.
– Yurtimizda qancha ekin maydonlari mavjud?
– Bugungi kunda mamlakatimizda ekinzorlarning umumiy maydoni 4,2 million gektardan ortiq. Shundan sug‘oriladigan yerlar 3 million 285 ming gektarni tashkil etadi. Buni ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizning oltin fondiga qiyoslash mumkin. Negaki, iqtisodiy mustaqilligimizni mustahkamlash, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, sanoat tarmoqlarini muhim xom ashyolar bilan kafolatli ta’minlash, eksport salohiyatini yuksaltirish bevosita yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlashga bog‘liq.
– Yer resurslarini asrash, undan samarali foydalanishda qanday yangiliklar qilinmoqda, umuman, bu yo‘nalishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?
– Albatta, tuproq unumdorligini oshirish va yerdan samarali foydalanish masalalariga doimiy e’tibor zarur. Buning uchun, avvalo, soha mutaxassislari tomonidan yerga oid qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlarning izchil ijrosini ta’minlash, ularning mazmun-mohiyatini kengroq tushuntirish bo‘yicha joylarda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini yanada kuchaytirish lozim. Bu aholining yer resurslariga bo‘lgan munosabatini, dehqon va fermer xo‘jaliklarida esa yerdan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilishga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yerdan unumli foydalanish borasida olimlarimiz tomonidan ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilib, muayyan tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada biologiya fanlari doktori, professor Gulnora Jumaniyozova bilan birgalikda “Sho‘rlangan va degradatsiyaga uchragan tuproqlarning unumdorligini va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda yangi, ekologik xavfsiz, resurstejamkor bioagrotexnologiyalar” ishlab chiqqanmiz. Bunda tuproqning sho‘rlanish sabablari o‘rganilib, unumdorlikni oshirishga qaratilgan bioagrotexnologiyalar joriy qilish ko‘zda tutilgan. Ushbu bioagrotexnologiyalarimiz tajriba sifatida qo‘llanilgan yer maydonlarida o‘zining samaradorligini ko‘rsatib, hosildorlik oshganini kuzatdik.
Umuman, soha olimlari tomonidan bu kabi ixtiro va yangiliklar ustida muntazam ish olib borilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar ekologik muammolarning tuproq va yer hosildorligiga salbiy ta’sirining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova suhbatlashdi, O‘zA