Tibbiyot mutaxassislari soʻnggi paytlarda yuqumli kasalliklar sonining koʻpayishi tufayli dunyoda antibiotiklar tanqis boʻlib borayotganini taʼkidlashmoqda. Kuni kecha Britaniyaning Financial Times gazetasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining dori-darmon yetkazib berish va ulardan foydalanish imkoniyati nitaʼminlash guruhi rahbari Liza Xedman taqdim etgan maʼlumotlarga tayanib shu haqda maqola eʼlon qildi.
Unda aytilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumot to‘plab boradigan 35 mamlakatning 80 foizi penitsillin preparatlari yetishmasligini boshdan kechirmoqda. AQSH va Kanada shifokorlari esa amoksitsillin yetishmasligidan shikoyat qilmoqda. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatdan 25 tasi ham aynan shu muammo haqida ma’lum qilgan.
Xedmanning ta’kidlashicha, antibiotik bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha kambag‘alroq yoki kichikroq mamlakatlardagi vaziyat qandayligi unchalik ma’lum emas. Chunki bunday mamlakatlarda monitoring olib borish imkoniyati ham ko‘ngildagidek kechmayapti. Bunday davlatlar antibiotik yetishmasligidan boshqalarga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin. Ustiga-ustak ushbu mamlakatlarning valyutasi qadrsiz bo‘lsa va dori-darmonlarni ham ochiq bozorda sotib olishga majbur bo‘lsa, mazkur preparat bilan bog‘liq muammo yanada keskin tus olishi mumkin.
Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi davrida antibiotiklarga bo‘lgan talabning pasayishi va ta’minot zanjiridagi keskin tanglik farmatsevtika kompaniyalarni antibiotiklar ishlab chiqarish hajmini kamaytirishga majbur qildi. Endi esa bu masala dolzarb muammoga aylanmoqda. Qolaversa, dori vositalarini ishlab chiqarish uchun komponentlar yetkazib berish ham qiyinlashgan. Energiya narxining oshishi esa, dori-darmon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar foydasining kamayishiga sabab bo‘lmoqdi, deyiladi maqolada.
“Mamlakatlar niqobsiz birinchi yilda respirator infeksiyalar odamlarga bunchalik qattiq ta’sir qilishini kutmagan edi”, — deya nashrdan iqtibos keltirgan Xedman.
Nashrning yozishicha, AQSH va Yevropaning ayrim farmatsevtlari ham paratsetamol kabi og‘riq qoldiruvchi vositalar yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Bu gripp, respirator sinsitial virus va koronavirusning qishki to‘lqini tufayli ularga talabning ortishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, mutaxassislar sil va teri infeksiyalarini davolash uchun dori-darmonlar tanqisligini qayd etmoqdalar.
1928 yilda Aleksandr Fleming tomonidanbirinchi antibiotik penitsillin kashf etilgan edi. Bu kashfiyot tibbiyotning tarixi va uning keyingi rivojlanishini o‘zgartirib yubordi. Penitsillin Ikkinchi jahon urushi paytida ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qoldi. Antibiotiklarsiz ko‘plab protseduralar, jarrohlik aralashuvlar o‘ta xavfli hisoblanardi. Chunki ko‘pincha jarrohlik amaliyotlarida qon zaxarlanishining rivojlanish xavfi ortar edi.
Antibiotiklar kashf etilganidan buyon bu dorilar zamonaviy tibbiyot arsenalidagi eng kuchli vositalardan biriga aylandi, ammo inson va veterinariya tibbiyotida antibiotiklardan ortiqcha foydalanish, shuningdek, ularni noto‘g‘ri ishlatish kasallikning unga qarshiligi paydo bo‘lishiga va tarqalishiga yordam beradi.
Shifokorlarning uqtirishicha, bakteriyalar evolyutsiyaga uchraydi, ular vaqt o‘tib kuchli dorilar ta’siriga ham bardosh beradigan bo‘ladi. Qolaversa, inson tanasining ham antibiotiklarga chidamliligi ortmoqda.
Har yili mikroblarga qarshi chidamlilik tufayli davolab bo‘lmaydigan infeksiyalar dunyo bo‘yicha 700 ming kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda. Agar buning biror bir chorasi topilmasa, 2050 yilga borib bu raqam 10 million kishiga yetishi mumkin. “Bosnalek” xalqaro farmatsevtika kompaniyasining Yevroosiyo bo‘limi rahbari Valentina Buchneva zamonaviy algoritmlar yangi antibiotiklarni izlashda qanday yordam berishi va nega so‘nggi 25 yil ichida bu sohada tubdan inqilobiy hech narsa kashf etilmaganiga izoh bergan.
Ma’lumki, antibiotiklar tabiiy ravishda, bakteriyalarni (odatda aktinomitsetlarni) qidirish orqali yoki sun’iy ravishda olinadi. Odatda, antibiotiklar fitonsidlar va tirik organizmlardan olinadi. Biroq, bu dorilar deyarli 100 yil davomida bakteriyalarni "o‘ldirish"ning barcha sanab o‘tilgan usullari orqali shunchalik ko‘p o‘rganildiki, natijada, mana 25 yildirki, yangi antibiotiklar topilmagan. Bundan tashqari, ko‘plab tabiiy bakteriyalarni laboratoriyalarda yetishtirish mumkin emas. Natijada, yangi antibiotikni kashf qilish uchun 1 millionga yaqin aktinomitsetlarni saralash kerak bo‘ladi va ularning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan mutatsiyalari istalgan vaqtda jarayonni barbod qilishi mumkin. Shuning uchun yangi antibiotik yaratish juda qimmat hisoblanadi. Masalan, GlaxoSmithKline 10 yil davomida 1 milliard dollar sarflagan bo‘lsada, tibbiyotga gepotidatsindan tashqari arziydigan hech narsa taqdim etilmagan.
S.Rahimov, O‘zA