English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo bahodirlari Toshkentda bellashdi
14:09 / 2016-05-16

Poytaxtimizda bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha jahon kubogining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizda bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha jahon kubogining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyalari, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston, AQSh, Rossiya, Polsha, Vengriya, Ukraina, Litva, Estoniya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan eng kuchli sportchilar bahslashdi.

Musobaqaning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish kabi yangi sport turlari ham yoshlar orasida jadal ommalashayotgani ta’kidlandi.

Dunyo miqyosida tobora rivojlanib va ommalashib borayotgan bahodirlar o‘yinlari musobaqalarida polvonlar o‘z vaznidan bir necha barobar og‘ir buyumlarni ko‘tarish, o‘rnidan siljitish, belgilangan masofagacha ko‘tarib borish kabi jismoniy quvvat, kuchli iroda va sabr-toqat talab qiladigan murakkab mashqlarni bajaradi.

“Turkiston” saroyining yozgi binosida tashkil etilgan bahodirlar o‘yinlarida polshalik Mateush Kelishkovski birinchi o‘rinni egalladi.

– Musobaqa yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlamoqchiman, – deydi Mateush Kelishkovski. – Bu yerda sportchilarning mashg‘ulot o‘tkazishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgani tahsinga loyiq.

Rossiyalik Mixail Shivlyakov ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, mamlakatimiz vakili Hamza Primov shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

– Musobaqada sovrindor bo‘lganimdan xursandman, – deydi H.Primov. – Bunday nufuzli sport anjumanlarida erishayotgan har bir yutug‘imiz mamlakatimizda sportni rivojlantirish, sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasidir.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.