Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo aholisi sonining keskin oshib borishi nimalarga olib keladi?
15:46 / 2020-08-30

Aholi oʻsish miqdori, asosan, rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga toʻgʻri kelishi esa, maʼlum bir maʼnoda ularning taraqqiyotiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi.


Dunyo aholisining soni oshib borgan sayin turli demografik muammolar ham yuzaga kelib bormoqda. Aholi oʻsish miqdori, asosan, rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga toʻgʻri kelishi esa, maʼlum bir maʼnoda ularning taraqqiyotiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi.

Olimlarning fikriga koʻra, dunyo populyatsiya portlashi davrini boshdan kechirmoqda. Zamonaviy populyatsiya portlashi 1950-1960-yillardan boshlangan. Dunyo aholisi 1959-yilda – 3 milliard, 1974-yilda – 4 milliard, 1987-yilda – 5 milliard, 1999-yilda – 6 milliard va bugungi kunga kelib 7 milliard 800 ming kishini tashkil qilmoqda (2020). Aholi soni xuddi shu bosqichda oʻsishni davom ettiraversa, 2050 – yilga kelib 10,5-12 milliard kishini tashkil qilishi ehtimoli juda katta. Bu esa insoniyat biologik populyatsiyasining tur sifatida cheklanishidir. Yaʼni yer resurslari bundan ortiq aholiga yashash sharoitlarini yaratib bera olmaydi. Bu esa maʼlum maʼnoda insoniyat oldidagi fojia degani.

Nimaga bu muddat orasida koʻpayish bunchalik ortganiga qiziquvchilar uchun, avval insoniyat hayvonlar bilan til topishishda duch kelgan muammolari, urushlar va epidemiyalarga davo topolmaganligi sababli koʻpaysada uzoq yashay olmagan. Bugungi kunga kelib esa, insoniyat ancha rivojlangan, fanda bir muncha taraqqiyotga erishgan va oʻzaro urushlarga barham bergan. Bu insoniyat turmush darajasining yaxshilanishiga olib keldi. Ayni holat koʻpayish va uzoq umr koʻrish uchun ham yaxshi muhitni yaratib berdi.

Bundan tashqari, oʻlim darajasi ham keskin pasayib, oʻrtacha umr koʻrish yoshi 73ni tashkil qilmoqda. Bu degani dunyo aholisining 25 foizdan ortigʻi nafaqaxoʻrlar boʻlganligi bois mehnat resurslarida nomutanosiblikka olib keladi. Yaʼni 2025-yilga kelib, har ikki nafaqaxoʻr nafaqasi uchun bitta ishga yaroqli xodim mehnat qilishi kerak boʻlib qoladi.

Shaharlarda aholi zichligining oʻsishi tufayli esa har bir shaharda toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari yetishmovchiligi kelib chiqmoqda. Keyingi 38 yil davomida dunyo aholisi sonining 1 milliarddan ortiq hisobda oʻsgani ham aholi koʻpayish darajasi juda kattaligini koʻrsatmoqda. Bu esa qashshoqlik darajasi va qashshoq davlatlarning soni oʻsishiga olib keladi. Koʻpayishning asosiy koʻrsatkichlari Afrika mamlakatlari chekiga toʻgʻri kelayotgani buning yorqin dalilidir.

Bundan tashqari, populyatsiyaning keskin oʻsishi qator boshqa muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Atrof-muhitga bosimning oshishi, etnik muammolar, qochqinlar muammosi, urbanizatsiya muammolari shular jumlasidandir.

Yana bir muammo borki, bundan koʻz yumishning imkoni yoʻq. Bu ham boʻlsa aholi soni anchaginani tashkil qiluvchi rivojlanayotgan va rivojlanishi sust mamlakatlardagi savodsizlik muammosi. Yaʼni yetarli imkoniyatlari boʻlmagan taʼlim tizimi mamlakatdagi barcha maktab yoshidagi bolalarni toʻliq qamrab ololmasligi.

Xoʻsh, shuncha muammolar bor ekan yechim qayerda, degan savol tugʻiladi. Hech kim mana bu yechim deb birdan-bir kalitni oʻrtaga tashlay olmaydi. Chunki, uning oʻzi mavjud emas. Ammo, har bir oilaga borib farzand koʻrma, bu cheklangan deyish ham qiyin masala. Bu haqda maʼlum bir qonunlar mavjud boʻlsada, hamma ham unga amal qiladi deya olmaymiz.

Biz har bir yoʻnalishda ongli ravishda harakat qilishimiz, yaʼni insonlar fikrlash tizimiga ijobiy taʼsir oʻtkazishimiz lozim. Jumladan, tugʻilishning umumiy sonini kamaytirishimiz, insoniyat oʻrtasida buning uchun tushuntirish ishlarini olib borishimiz, erta turmush va oʻspirin homiladorlikka qarshi chora-tadbirlar koʻrishimiz kerak.

BMT koʻpayishning oldini olish maqsadida koʻproq kontratseptiv vositalardan foydalanishni ham taklif etgan. Bundan tashqari, ayollar oʻrtasida savodsizlikni tugatish, hech boʻlmaganda, ularga oʻrta taʼlimni olishi uchun imkoniyat yaratib berish kerak. Olimlarning aniqlashicha, savodsiz dehqon oilalarida farzandli boʻlish koʻrsatkichi 4,4 ni tashkil etsa, oʻrta maʼlumotlilarda 2,2-2,7 ni, oliy maʼlumotlilarda esa 1,2-1,7 ni tashkil etadi. 

Oddiygina atrofimizdan misol olib qaraydigan boʻlsak ham oʻqimagan ayollar asosan oila, turmush, farzand bilan boʻlib, koʻpayishda nisbatan faol boʻladi. Maʼlumoti bor ayollar esa ijtimoiy hayotda faol boʻlib, oʻz ishi va mashgʻulotiga ega boʻlib bu masalada nisbatan nofaolligi koʻrinib turadi. Bu masalalar yuzasidan ham aholi oʻrtasida tashviqot ishlari olib borilishi lozim.

Aks holda, aholi soni keskin koʻpayib ketib, resurslar yetishmovchiligi yuzaga kelishi va dunyo iqtisodiyoti inqirozga yuz tutishi hech gap emas.

Nozimjon MARDONOV,
OʻzJOKU talabasi.