O‘nlab yil davomida Dubay o‘zini Yaqin Sharqdagi beqarorlikdan chetda turgan xavfsiz biznes markazi sifatida namoyon qilib keldi. Soliqsiz daromad, qulay qonunchilik va barqaror muhit shahar brendining asosi edi. O‘tgan hafta oxirida Eronning javob zarbalari ushbu shaharning aeroporti, port va mehmonxona infratuzilmasiga ta’sir ko‘rsatib, “xavfsiz hudud” maqomini shubha ostiga oldi. Bu haqda “Reuters” yozgan.
Rasmiylar vaziyat nazoratdaligini bildirgan esa-da, moliya bozori ikki kunga yopildi, ayrim banklarda texnik uzilish sabab amaliyot sekinlashdi, havo hududi cheklanishi tufayli minglab yo‘lovchi qolib ketdi. Moddiy zarar bir navi, ammo sarmoyadorlar ishonchini tiklash dolzarb masalaga aylanishi mumkin.
Dubay iqtisodiyoti neftga emas, savdo, turizm, ko‘chmas mulk va moliyaviy xizmatga tayanadi. 2004-yil tashkil etilgan “Dubai International Financial Centre” bugun yuzlab bank va investitsiya kompaniyalarini jamlagan. 1980-yildagi 1 million aholi 2024-yil 11 millionga yetdi. Shahar taraqqiyoti aynan barqarorlik va xavfsizlik va’dasiga asoslangan.
Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgani Dubayni geosiyosiy xavfga yaqinlashtiradi. Agar mojaro uzoq davom etsa, kapital oqimi susuayib, biznes qarorlari qayta ko‘rib chiqilishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Hozircha ommaviy chiqishlar qayd etilgani yo‘q, faqat bozorda xavf omili oshgani, ehtiyotkorlik kuchaygani sezilyapti. Xullas, Dubay boshdan kechirayotgan sinov oqibatini ziddiyat qancha davom etishi belgilaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA