Hamkorlarimiz sahifalarida
Joriy yil yanvar-may oylarida Dubay shahriga 6,17 million sayyoh tashrif buyurdi, deb xabar beradi “WAM” axborot agentligi.
Turizmga oid so‘nggi ma’lumotlar Dubayning Iqtisodiyot va turizm departamenti tomonidan 2022 yilga mo‘ljallangan birinchi “Shahar brifingi”da e’lon qilindi. Aviatsiya, sayohat, mehmondo‘stlik va chakana savdo kabi turizm ekotizimida faoliyat ko‘rsatayotgan 1200 dan ziyod yetakchini birlashtirgan tadbirda manfaatdor tomonlar va hamkorlarga soha haqida batafsil axborot berildi, rivojlanish bo‘yicha stretegiya muhokama qilindi.

– Dubay turizmining muvaffaqiyatli tiklanishi global turizm tiklanishiga ilhom berishda davom etmoqda, shaharga bu yil o‘tgan yil shu davrga nisbatan 197 foiz ko‘p sayyoh keldi, – deydi Dubay iqtisodiyot va turizm departamenti bosh direktori Hilol Said al-Marriy. – Shaharning global iqtisodiy va turizm markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga yo‘naltirilgan e’tibor natijada namoyon bo‘lmoqda. “Expo 2020 Dubai” samarasi o‘laroq, barcha sayyohlik yo‘nalishlari bo‘ylab o‘sish ta’minlanmoqda. Dubayni eng ko‘p tashrif buyuradigan, kelajak shahriga aylantirish kabi ulug‘vor maqsad yo‘lida ishlayapmiz.
Departament ma’lumoti shuni ko‘rsatadiki, joriy yil Dubay mehmonxonalarining sayyohlar bilan bandligi ko‘rsatkichi 76 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan yil bu ko‘rsatkich 62 foiz edi. 2022 yil yanvar-may oylarida Dubay mehmonxonalari bandlik bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu davr mobaynida mehmonxonalar bandligi Nyu Yorkda 61, Londonda 60 va Parijda 57 foizni tashkil etadi.
Dubay turizm va tijorat marketingi korporatsiyasi bosh direktori Issam Kozim tashrif buyuruvchilarga zarur tushuncha berib, kommunikatsiya bo‘yicha yangilanishlarni mujassam etgan mufassal taqdimot havola etdi. Butun dunyo bo‘ylab baxtli oilalar va sayohatchilarni yozgi ta’til uchun shaharga jalb etish kampaniyasi yo‘lga qo‘yilgani, “Uzoqroq qoling va ozroq to‘lang” aksiyasi 60 dan ortiq mehmonxona va dam olish maskani tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani ajoyib tashabbus sifatida namoyon bo‘ldi. Mazkur aksiya mehmonlarga ajoyib chegirmalar taklif etadi. Masalan, sayyoh mehmonxonaga besh kun uchun haq to‘lab, yetti kun qolishi mumkin yoki uch kunga haq to‘lab, besh kun mehmon bo‘lish imkonini beradi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA