Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dubaydan Namanganga ilk aviaparvoz amalga oshirildi
11:21 / 2022-09-25

“Uzbekistan Airports” aksionerlik jamiyati hamda Birlashgan Arab Amirliklaridan “Flydubai” aviakompaniyasi o‘rtasida tuzilgan bitimga ko‘ra, Farg‘ona vodiysining havo asosiy darvozasi – Davlatobod tumanida joylashgan “Namangan Xalqaro aeroporti”dan Dubay - Namangan - Dubay aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

Kecha – 24 sentyabridan 25 sentyabrga o‘tar kechasi Birlashgan Arab Amirliklaridan uchgan “Flydubai” aviakompaniyasining havo kemasi Namangan xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.

An’anaga muvofiq havo kemasi aeroportda sun’iy suv arkasi hosil qilingan holda, karnay surnaylar sadosi ostida tantanali kutib olindi.

– 80 yoshdaman, uzoq yillar davomida transport sohasida ishlaganman, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Nurafshon mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Sobirjon Nabijonov. – Biz ishlagan og‘ir paytlar bilan bugungi davr tubdan farq qiladi. Namangan aeroporti jamolidan ko‘zing quvnab, dil yayraydi. Kaminaga ham qutlug‘ joylarga ziyorat qilish nasib etdi. Dubayga ilk parvozga otlanayotganimdan xursandman. Ro‘yxatga olish, bojxona ko‘rigidan o‘tish jarayonlari shaffof va oson kechdi.

Mazkur parvoz oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda hamyurtlarimizga havo laynerlari orqali xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yaratilayotgan qulayliklar, shu jumladan, "Namangan Xalqaro aeroporti" tomonidan aholiga xizmat ko‘rsatish, parvozlar xaritasi va reyslar jo‘g‘rofiyasini kengaytirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Aviakompaniyaning "Boeing 737" rusumli havo kemasi Dubay-Namangan  yo‘nalishida yigirmaga yaqin yo‘lovchini yurtimizga olib kelgan bo‘lsa, Namangan shahridan esa 189 nafar yo‘lovchi BAAning Dubay shahriga ayni shu laynerda jo‘nab ketdi.

– Hozirgi kunda aeroportimiz mahalliy reyslardan tashqari Rossiya Federatsiyasining 9 ta shahriga muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelmoqda, – deydi Namangan xalqaro aeroporti direktori Qobiljon Abdunazarov. – Yangi Dubay-Namangan yo‘nalishidagi pavozlar haftaning chorshanba va shanba kunlari, Namangan-Dubay yo‘nalishidagi aviaqatnovlar esa payshanba va yakshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Kelgusida yo‘lovchilar talab va xohishlaridan kelib chiqqan holda aviareyslar soni oshishi mumkin.

Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar "Flydubai" aviakompaniyasi mamlakatimizning yurtimizning ikki tarixiy manzilgohlari - Toshkent va Samarqand shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirib kelmoqda. Qatnovlar soni endilikda uchtaga yetkazildi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA