Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dubayda Umumjahon pochta ittifoqi kongressi bo‘lib o‘tmoqda
15:17 / 2025-09-16

Joriy yilning 8-19 sentyabr kunlari Dubay shahrida Umumjahon pochta ittifoqi (UPU)ning 28-kongressi o‘tkazilmoqda. Ushbu nufuzli anjumanda Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun aytish joizki, UPU 1874 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1948 yildan buyon BMTning pochta aloqasi sohasidagi ixtisoslashgan tashkiloti hisoblanadi. Bugungi kunda Ittifoqqa 192 davlat a’zo bo‘lib, uning shtab-kvartirasi Shveysariyaning Bern shahrida joylashgan. UPUning asosiy maqsadi global pochta tizimini tashkil etish va takomillashtirish, shuningdek, bu sohada xalqaro hamkorlik uchun qulay sharoit yaratishdir.

O‘zbekiston UPUga qo‘shilgan holda pochta jo‘natmalarining o‘zaro almashinuvini, jumladan tranzit erkinligini ta’minlash, shuningdek, boshqa mamlakatlardan kelgan pochta jo‘natmalarini o‘z jo‘natmalaridek qayta ishlash majburiyatini olgan.

UPUning oliy organi hisoblangan Kongress a’zo mamlakatlar vakillaridan iborat bo‘lib, uning faoliyati Xalqaro byuro, Ma’muriy kengash, Pochta ekspluatatsiyasi kengashi va boshqa ishchi organlar orqali amalga oshiriladi.

28-Kongress doirasida 6 ta Yalpi majlis va 28 ta Qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  Qo‘mita yig‘ilishlarida esa pochta, moliya va elektron xizmatlarni rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish, yakuniy xarajatlar tizimi bo‘yicha yangilangan qarorlar qabul qilish, shuningdek, UPU hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish masalalari muhokama etiladi.

Kongress doirasidagi eng muhim voqealar qatoriga Ittifoqning yuqori rahbariyatini, Pochta ekspluatatsiyasi kengashi hamda Ma’muriy kengashning 2026-2029 yillardagi tarkibini saylash, shuningdek, yakuniy hujjatlarni imzolash kiradi.

Nigora Rahmonova, O‘zA