BAA Dubay shahrida bunyodkorlikning yangi davri boshlanmoqda. Xususan, robototexnika kundalik qurilish amaliyotining bir qismiga aylanyapti. Yaqinda Dubay meriyasi to‘liq avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda barpo etiladigan dunyodagi birinchi turar-joy villasini yaratish bo‘yicha xalqaro tashabbusni e’lon qildi.
"Dubai Media Office" nashri xabar berishicha, ushbu loyiha uy-joy qurish masalasiga yondashuv hal qiluvchi darajada o‘zgarayotganini anglatadi. Rasmiylar robototexnikadan nafaqat sinov tariqasida, balki haqiqiy uy-joy loyihalarida ham ishonchli tarzda foydalanish mumkinligini namoyish etish niyatida. Xalqaro miqyosda birlashgan 25 dan ziyod texnologiya kompaniyasi va akademik muassasa ushbu tashabbusda ishtirok etadi.
Shahar hokimiyati "Zacua Ventures" va "Würth Group" bilan birga nazorat qiladigan ushbu keng ko‘lamli dastur iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash, turli texnologiyalarni bevosita qurilish maydonida uyg‘unlashtirish maqsadini ko‘zlaydi. Loyiha yordamida nafaqat alohida qurilmalar sinovdan o‘tadi, balki butun jarayon avtomatlashadi. Tayyor villa ana’anaviy talablardan tashqari haqiqiy uy-joy standartiga ham javob berishi lozim.
Qurilish innovatsiyasi va tadqiqot markazi - "04 ConTech Valley" vodiysi ochilishi bilan bir vaqtda e’lon qilingan tashabbus doirasida "Expo City Dubai" hududida joylashgan ushbu ob’ekt ilg‘or qurilish tizimi uchun doimiy sinov maydonchasi bo‘lib xizmat qiladi.
Markaz robotlashtirilgan qurilish vositalari, so‘nggi avlod materiallari va raqamli infratuzilma texnologiyalari sinovini qo‘llab-quvvatlaydi. Startaplar, ishlab chiquvchilar va tadqiqotchilar jarayonda o‘z yechimlarini asl sharoitda sinab ko‘rishi mumkin.
Meriya bosh direktori Marvan Ahmad bin G‘alita ilg‘or qurilish texnologiyalari Dubay taraqqiyot strategiyasining muhim unsuri ekanini ta’kidladi. Ta’kidlanishicha, avtomatlashtirish sanoatning samaradorligi, barqarorligi va uzoq muddatli ishonchliligini oshirish salohiyatiga ega. Qolaversa, loyiha istiqbolli texnologiyalar ishlab chiqishning dastlabki bosqichidan tijorat maqsadida qo‘llashga o‘tish uchun mo‘ljallangan.
G.Sattorova, O‘zA