2025 yilda Dubay dunyoning eng tez o‘sayotgan turizm markazlaridan biri sifatida ketma-ket uchinchi yil rekord o‘rnatdi. Shahar o‘tgan yilda 19,59 million xalqaro mehmonni qabul qildi.
Bu oldingi yilga nisbatan 5 foiz ko‘p. Dekabr oyida esa bir oy ichida ilk bor 2 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurib, 2026 yil oldidan kuchli “impuls” yaratdi, deb xabar bermoqda “WAM” axborot agentligi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu natijalar strategik hamkorlik, global marketing va yirik xalqaro tadbirlar samarasidir. Ta’kidlanishicha, shaharda mehmonxonalar bandligi 80,7 foizga yetdi, o‘rtacha kunlik narx va daromad ko‘rsatkichlari ham sezilarli oshgan.
Ma’lumki, turizm Dubay iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri. O‘tgan yil mehmonxona va sayyohlik sohasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yangi mehmonxonalar, jumladan dunyodagi eng baland mehmonxona sifatida e’tirof etilgan “Ciel Dubai Marina” va boshqa premium loyihalar shaharning jozibasini yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, Dubay global xavfsizlik reytinglarida yuqori o‘rinlarni egalladi va gastronomiya yo‘nalishida ham nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Joriy yilga mo‘ljallangan yirik infratuzilma loyihalari — “Al Maktum” xalqaro aeroportini kengaytirish va yangi metro liniyasi shaharning global turizm “poyga”sidagi ustunligini mustahkamlashi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA