Poytaxtimizda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14 – sammiti bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli anjumanga BMT, Parlamentlararo Ittifoq va unga a’zo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol-spikerlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yigirmaga yaqin davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etmoqda.
Sammitda Parlamentlararo ittifoq raisi Duarte Pacheko ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.
«Ushbu nufuzli anjumanga O‘zbekiston mezbonlik qilib turganidan, sammitga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rilganidan mamnunmiz. Parlamentlararo ayollar faolligini, gender tenglikni ta’minlashdek ezgu sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzilla Norboyevaga alohida minnatdorlik bildiraman. Hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur ishlar nafaqat bu davlatda balki, butun mintaqada gender tenglikni ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz» dedi Pacheko.
Ma’ruzachining qayd etishicha, demokratiya standartlari hamma uchun muvofiq va tengdir. Biz doimo ayollarni jamiyatda faol bo‘lishga mamlakatlarni rivojlantirishda o‘z hissalarini qo‘shishi tarafdorimiz. Shundan kelib chiqib, Parlamentlararo ittifoq ham gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Parlament a’zosi bu - xalqning vakili. Shu sababli ushbu vakillar orasida ayollar ham teng miqdorda bo‘lishi muhim. Ittifoq so‘ngi qirq yil davomida ayollarni siyosatda ham jamiyatda faol bo‘lishi borasida ko‘plab ishlar amalga oshirdi. Biz erishgan natijalarga xursand bo‘lish bilan birga parlamentlararo ayollar soni yanada ortishiga, o‘zgarishlarga tayyor turishga ko‘proq ahamiyat qaratishimiz kerak. Hali oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p.
Parlamentlararo ittifoq raisi hamon ko‘plab mamlakatlar parlamentida ayollar ishtiroki mavjud emasligiga e’tiborni qaratdi. “Biz erishgan natijalarimizga xursand bo‘lishimiz kerak. Bugungidek forumlar esa bu boradagi ishlarni jadallashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Chunki hammaga, ayniqsa, ayollarga imkoniyatlardan keng foydalanish uchun qulaylik yaratish, ularni faqat parlamentda emas barcha jabhada ishtiroki ta’minlash zarur. Chunki ayollar siyosatda nozik masalalarni ko‘taradi va shu orqali jamiyatdagi muammolar yechim topadi, mojarolar o‘z vaqtida hal etiladi”.
Pacheko so‘ngi ikki yil davomida insoniyat jiddiy sinovli kunlarni boshdan kechirgani to‘g‘risida gapirib, pandemiya vaziyatining, ayniqsa, ayollarga ta’siri ko‘proq bo‘ldi, ular bu sharoitda ancha jabr ko‘rishdi, deb aytdi. Shu bois sammitning birinchi sessiyasida pandemiyadan keyin global tiklanishga to‘sqinlik qiladigan xavflarni bartaraf etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Parlamentlararo ittifoq raisi Duarte Pacheko so‘zining yakunida “butun dunyo nafaqat pandemiyadan keyingi tiklanishni boshdan kechiryapti. Shu bilan birga, iqtisodiyotni rivojlantirishga ahamiyat qaratyapti. Bu jarayon, ayniqsa, siyosatchilarning zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Sammitda ko‘rilayotgan masalalar, ulardan kelib chiqadigan xulosalar xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada samaraliroq ta’minlashga xizmat qiladi”, deb ta’kidladi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA