Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dual ta’limda ish va ta’lim beruvchilar hamkorligi
12:45 / 2024-06-01

Samarqand shahrida ish va ta’lim beruvchilar integratsiyasi innovatsion forumi o‘tkazildi.

Unda viloyatlar oliy o‘quv yurtlari, professional ta’lim muassasalari rahbarlari, ish beruvchilar, kollej va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.

– Professional ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim standartlari asosida joriy etish, mehnat bozoriga malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini yetkazib berish hamda ish beruvchi malaka talablari asosida ta’lim jarayonlarini tashkil qilish bugunning bosh maqsadidir – deydi Samarqand viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. – Fan va texnikaviy taraqqiyot professional ta’lim muassasalari oldiga sifatli ta’lim berish, mehnat bozori ehtiyoji va istiqbolini inobatga olgan holda malakali kadrlarni tayyorlashni dolzarb masala sifatida qo‘ymoqda. Bu borada ish beruvchilar bilan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlovchi ta’lim muassasalari integratsiyasini yo‘lga qo‘yish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Forum ushbu maqsaddan kelib chiqib tashkil etildi.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 73 ta professional ta’lim muassasasi, jumladan, 37 ta kasb-hunar maktabi, 14 ta kollej va 22 ta texnikum faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 49 ming nafarga yaqin o‘quvchi 162 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olmoqda. 25 ta professional ta’lim muassasasida dual ta’lim tashkil etilgan bo‘lib, 2284 nafar o‘quvchi 26 xil kasbni o‘rganmoqda.  

Joriy yilning 5 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida professional ta’lim muassasalarida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘quvchilar sonini 50 ming nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Forum jarayonida professiona ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan kasblar bo‘yicha taqdimot va ko‘rgazmalar o‘tkazildi, o‘quvchilar o‘zlari egallayotgan kasb bo‘yicha mahoratini namoyish etdi.  

– 1991 yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanaman, – deydi Ishtixon tumani “Asror hosili dalalari” asalarichilik fermer xo‘jaligi raisi Shermamat Bobonazarov. – Hozirgi kunda 100 ta asalari uyasidan yiliga o‘rtacha 2 tonna asal olaman. Endi bizga ishchi kuchi kerak. Shuning uchun Ishtixon tumani 1-kasb-hunar maktabi bilan dual ta’lim asosida shartnoma qildim va 5 nafar o‘quvchini ishga oladigan bo‘ldim. O‘quvchilar fermer xo‘jaligimda amaliyot o‘taydi, ham mehnatiga yarasha ish haqi oladi.  

Tadbir tashkilotchilarining qayd etishicha, hozirgi kunda Germaniya, Angliya, Yaponiya kabi bir qator rivojlangan davlatlarda elektrik, payvandchi, chilangar, haydovchi kabi texnik kasblar, maishiy xizmat ko‘rsatish, mehmonxona va turizm xizmatlari, umumiy ovqatlanish, sog‘liqni saqlash kabi kasbiy ta’lim bo‘yicha minglab ishchilarga ehtiyoj bor. Jumladan, Germaniyada 562 mingta ish o‘rni mavjud ekan.

– Bizning texnikumda farmatsiya ishi, hamshiralik ishi, feldsher-laborant, feldsher-akusher, stomatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda, – deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi Samarqand jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi Nasiba O‘roqova. – Ikki mingdan ortiq talabamiz o‘ttizga yaqin davolash-profilaktika muassasalari bilan shartnoma asosida o‘quv ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotini o‘tamoqda. Germaniya standartlari asosida hamshiralarni qayta tayyorlash va til o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilingan. Biz o‘quvchilarni kasbga va til o‘rgatishga tayyorlayapmiz. Bugungi kunda yuzdan ortiq talabamiz Germaniyaning nufuzli klinikalari bilan shartnoma imzolagan, ishlashga tayyor, faqat diplom olishlari kerak.  

Forumda professional ta’lim tizimida kompetensiyaviy yondashuv masalasi kun tartibiga qo‘yildi hamda bu jarayonni o‘quv-metodik ta’minlash maqsadida professional ta’lim muassasalari pedagoglari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari uchun M.Xolmuxamedov, S.Sanaqulovlar muallifligida tayyorlangan “Professional ta’limda kompetensiyaviy yondashuv” o‘quv qo‘llamasi taqdimot o‘tkazildi.

[gallery-17644]

Davlatimiz rahbarining  2020 yil 31 dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘lgan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha kengash hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etilgandi.  

Forum doirasida Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi kengashning yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Feruz Abilov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkir Alijonov, Mehnat bozori tadqiqotlari instituti direktori Murodulla Xolmuhammedov so‘zga chiqib, mehnat bozori uchun xalqaro standartlarga mos o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.  

Tadbirda dual ta’limni samarali tashkil etish bo‘yicha professional ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari