Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dual ta’lim yanada kengayadi
19:56 / 2024-02-13

Aks-sado

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, texnikum va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish borasida oliy o‘quv yurtlari zimmasiga qator vazifalar yuklandi. 

Prezidentimiz yig‘ilishda maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va oliy ta’lim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, bu malakali va yuqori salohiyatli mutaxassislar tayyorlashning eng muhim omili ekanligini alohida ta’kidladi. 

Ayniqsa, Prezidentimizning yig‘ilishdagi: “Oliy ta’limda qamrov keskin oshdi, sohaga xususiy sektor kirib keldi. Lekin sifatga yetarli e’tibor qaratilmayapti. Masalan, talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagan.

Aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmaydi. Ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmaydi, bori ham bugungi talablarga javob bermaydi. Ilm-fan va innovatsiyalarga yetti yilda 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi.

Lekin ilm-fanda “xarajat – tadqiqot – mahsulot” degan formula ishlamayapti” deya aytgan tanqidiy fikrlari oliy ta’lim tizimiga daxldor har bir kishini jiddiy o‘ylantiradi, bu boradagi ishlarni tubdan ko‘rib chiqishga undaydi. Ana shundan kelib chiqib, universitetimizda bugundanoq o‘zim rahbarligimda pedagogik jamoamiz, mutaxassislarimiz mazkur yo‘nalishdagi ishlarni qayta ko‘rib chiqib, tubdan yaxshilash, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha harakatni boshlab yubordik. 

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan 50 ming kollej-texnikum o‘quvchisini dual ta’lim bilan qamrab olishni tashkil qilish bo‘yicha ham topshiriq berildi. 

Universitetimiz tasarrufidagi texnikumlarda ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratamiz. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, universitetimiz qoshidagi Izboskan agrosanoat hamda Shahrixon agrosanoat texnikumlarida dual ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilgan.

Bugungi kunda mazkur ta’lim muassasalarida yengil sanoat buyumlari konstruksiyasi va texnologiyasi, neft va gazni qayta ishlash, buxgalteriya hisobi va audit, maktabgacha ta’lim tashkiloti uslubchisi mutaxassisliklari bo‘yicha 50 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. 

O‘quvchilarning amaliyot o‘tash jarayonlarini samarali tashkil etish va nazariy olgan bilimlarini amaliyot orqali mustahkamlash maqsadida 40 dan ortiq tashkilot hamda korxona bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Umuman, texnikumlarimizda dual ta’lim asosida o‘qitish yanada kengayadi. 

Bir so‘z bilan aytganda, videoselektor yig‘ilishida maktabgacha va maktab ta’limi tizimi, texnikum, kollej va oliy o‘quv yurtlarida yechimini topmayotgan yoki zarur darajada amalga oshirilmayotgan qator masalalarni hal etish va ijobiy natijalarga erishish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Andijon davlat universitetida ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar olib boriladi.

Buning uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Kelgusida davlatimiz rahbari aytib o‘tgan yo‘nalishlarda, albatta, ijobiy natijalarga erishamiz. 

Akramjon Yuldashev, 

Andijon davlat universiteti rektori, professor. 

O‘zA