Hammamizga ma’lum, iqtisodiyotni rivojlanishida o‘rta bo‘g‘in kadrlarining o‘rni alohida hisoblanadi.
Ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kasb va mutaxassisliklarga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etadi. An’anaviy ta’lim shaklida o‘quvchi/talaba oliy yoki professional ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni ko‘proq egallab, amaliyot qismini juda oz soatlarda korxona va tashkilotlarda o‘taydi.
Shuning uchun, rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tizimi o‘rganilib, zamonaviy texnologiyalar va dastgohlarda o‘qish bilan bir vaqtda korxona, tashkilotlarda ish faoliyatini olib borish imkoniyatini beruvchi dual ta’lim shakli O‘zbekiston ta’lim tizimiga kiritildi. Dual ta’lim – o‘quvchi/talabaga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birga olib borish imkoniyatini beruvchi tizimdir.
Davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori va Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilangan “Huquq-tartibot oliygohlari 3-4 kurs talabalari ham dual ta’lim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot o‘tashi lozimligi” haqidagi vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universitetining uchinchi va to‘rtinchi bosqich kursantlari uchun Toshkent shahrining Yunusobod va Shayxontohur tumanida joylashgan mahallalarda dual ta’lim asosida amaliyot tashkil qilinib tumanlarning har bir ichki ishlar bo‘limlarida Jamoat xavfsizligi universitetining “sayyor” kafedralari tuzildi.
Amaliyotning asosiy yo‘nalishi - har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan bo‘lib, kursantlar ushbu jarayonda fuqarolar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish va jinoyatga nisbatan murosasizlik hissini shakllantirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolarni bartaraf etishda “mahalla yettiligi” a’zolari bilan tizimli ishlashda yaqindan ko‘maklashmoqdalar.
Ushbu amaliy tadbirlar kursantlar uchun nafaqat bilimlarini boyitish, balki kelajakda xizmat faoliyatini boshlashdan oldin mahalla bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/86eyPVvDB2E" title="Dual ta’lim – ta’lim yo`lidagi sifatli islohot" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA