Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dual ta’lim o‘quvchi uchun ham, korxona uchun ham foydali
17:22 / 2025-12-23

Mamlakatimiz ta’lim tizimiga “dual ta’lim” tushunchasi kirib kelganiga ko‘p bo‘lmadi. Ta’lim va ishlab chiqarishning uyg‘unligini ifodalovchi mazkur tizim talabalarga o‘qish davridayoq o‘rganayotgan kasb, mutaxassisligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallashi, ta’lim muassasasiga bitiruvchilarining kafolatli ish joyiga ega bo‘lishini ta’minlashga yordam berishi bilan ahamiyatlidir. Ish beruvchi esa o‘zi istagan daraja va malakadagi mutaxassisni ana shu jarayonda tayyorlab oladi.

Urgut tumanidagi “Urgut INI tekstil” korxonasi ayni paytda mazkur tizim asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yib, samaradorlikka erishayotgan hamkorlardan biri hisoblanadi.  

 – Nazariya va amaliy faoliyatni bir vaqtning o‘zida olib borishga asoslangan mazkur ta’lim tizimida talaba yoki o‘quvchi nazariy bilimni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmani esa korxona yoki tashkilotda oladi, – deydi korxona rahbari Majidxon Islomov. – O‘quvchi, talaba ertaga o‘qishni bitirib qayerda ishlayman, deb o‘ylamaydi. O‘qish davridayoq yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishib, ish joyiga ham ega bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va bir qator qarorlari asosida dual ta’limni yo‘lga qo‘yishning huquqiy asoslari, bosqichlari belgilab berildi. Bu borada ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga davlat tomonidan bir qator imtiyozlar beriladigan bo‘ldi. Biz ham bu imkoniyatlardan foydalanib, politexnikumlar bilan dual ta’lim bo‘yicha hamkorlik o‘rnatdik. Tizimni yaxshi o‘rganish uchun Germaniyaga borib keldim. Ulardan o‘rgangan tajribalar asosida hozir tumandagi 1, 2 va 5-son politexnikumlar o‘quvchilarining dual ta’lim asosida korxonamizda amaliyot o‘tashi va ishlashi uchun imkoniyat yaratdik. Har bir texnikumdan 30 nafargacha o‘quvchi kelib, o‘rganayotgan kasbi bo‘yicha amaliy ko‘niklarga ega bo‘lmoqda. Ikki-uch oyda navbatdagi guruhlar kelib, ish o‘rganyapti. Texnikumlar o‘qituvchilari va o‘quvchilariga qulay bo‘lishi uchun hamda bevosita ta’lim muassasasining o‘zida ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish uchun 5-son politexnikumda biz uchun ajratilgan ustaxonani o‘zimiz tikuv mashinkalari bilan jihozladik. Hozir o‘quvchilar shu yerning o‘zida nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlayapti, ishlab pul topyapti. Keyingi bosqichda Jartepa mahallasidagi 2-son politexnikumda ham shunday ustaxona tashkil etmoqchimiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MrU2vtrUC2g" title="Dual ta’lim o`quvchi uchun ham, korxona uchun ham foydali" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

 2-politexnikumda ayni paytda 90 nafar o‘quvchi tikuvchilik kasbini o‘rganmoqda. Ular dual ta’lim asosida amaliyotni “Urgut INI tekstil” korxonasida o‘tashi belgilangan. Ammo politexnikum va korxona o‘rtasidagi masofa uzoqligi uchun hamma o‘quvchida ham korxonaga kelish imkoniyati yo‘q. Shu sababli korxona ta’lim muassasasining o‘zida sex tashkil etib, o‘quvchilarning amaliyot o‘tashiga imkoniyat yaratmoqda, ham shu yerning o‘zida ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

 – Yetti nafar o‘quvchimizni korxonaga amaliyot o‘tash uchun olib kelyapmiz, – deydi 2-son politexnikum kasbiy ta’lim ustasi Bahora Otaqulova. – Ular ham tikuvchilik bo‘yicha bilimlarini amaliyotda mustahkamlayapti. Shu bilan birga ularga ishiga qarab 2-2,5 million so‘mgacha maosh berilyapti. Jartepadan kelib bu yerda amaliyot o‘tash va ishlash biroz qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun korxona rahbarlari texnikumga 30 ga yaqin tikuv mashinkalari o‘rnatib, o‘sha yerda ishlab chiqarishni tashkil etmoqda. Bu mahallamizdagi ishsiz xotin-qizlar uchun ham ishlab, daromad topish uchun qulay imkoniyat bo‘ladi. Hozirdan odamlar ishlashga qiziqish bildirmoqda.

 Bugungi kunda tumandagi yana bir qator ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari politexnikumlar bilan dual ta’lim asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

 G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), 
O‘zA muxbirlari