Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlikni ta’minlash ko‘p jihatdan malakali va raqobatbardosh kadrlar salohiyatiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi boshqarma boshlig‘i Dilshod Kenjayev shu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi:
– Davlat va iqtisodiyot tarmoqlarida yuksak natijalarga erishish uchun nazariy bilim bilan bir qatorda, amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, ilg‘or davlatlar tajribasida sinalgan dual ta’lim tizimini O‘zbekiston sharoitiga tatbiq etish jarayonlari boshlandi. Xususan, Kasbiy ta’lim agentligi va hududiy hokimliklar ish beruvchilar bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, o‘quv dasturlarini bevosita mehnat bozori talablari asosida modernizatsiya qilmoqda.
«Dual» so‘zi (lotincha dualis – ikkilik) “Ikki tomonlama, qo‘sh yoki ikkita asosga ega” degan ma’nolarni anglatadi. Ko‘p hollarda ushbu termin ta’lim tizimida qo‘llanilib, nazariy bilimning o‘quv yurtida, amaliy ko‘nikmalarning esa bevosita ish joyi (korxona)da bir vaqtda olinishini bildiradi. Ushbu tizim zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan, nazariya va amaliyotni birlashtiruvchi eng samarali o‘qitish shakli. Mexanizm – ta’lim muassasasi va ishlab chiqarish korxonasi uzviy hamkorligiga asoslanadi.
Ushbu tizimda nazariya va amaliyotning uyg‘unligi ta’minlanadi. Birinchidan, talaba auditoriyada o‘rgangan ilmlarini o‘sha paytning o‘zida korxona (amaliyot)da qo‘llab ko‘radi.
Ikkinchidan, dual ta’lim bitiruvchini ish bilan kafolatli ta’minlaydi. O‘qish jarayonida talaba korxonaning ichki muhitiga va ish tartibiga to‘liq moslashadi. Natijada diplom olish vaqtida u ish qidirib yuradigan nomzod emas, balki korxona uchun tayyor va kerakli mutaxassisga aylanadi.
Uchinchidan, talabaning ijtimoiy himoyasi kuchayadi. O‘qish davomida korxonada mehnat qilgan talaba ishi uchun haq oladi. Bu esa yosh mutaxassisga nafaqat tajriba to‘plash, balki moddiy rag‘bat olish imkonini beradi.
Germaniya va Avstriya kabi rivojlangan davlatlarning iqtisodiy barqarorligi zamirida samarali yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim tizimi muhim o‘rin tutadi. Germaniyada yoshlarning yarmidan ortig‘i maktabdan keyin dual ta’limni tanlaydi. Har yili 1,2 - 1,5 million o‘quvchi ushbu tizim orqali tahsil oladi. 300 dan ortiq kasb yo‘nalishi davlat tomonidan standartlashtirilgan. Mamlakatda 430 mingdan ortiq kompaniya shogird tayyorlaydi. Ish beruvchilar o‘quvchilarga oylik stipendiya to‘laydi. Statistikaga ko‘ra, dual tizim bitiruvchilarining 70 -80 foizi o‘sha korxonada ishda qoladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida (2026-yil, 24-fevral) Toshkent agrar universitetining mexanizatsiya va agromuhandislik yo‘nalishi talabalarini dual ta’lim asosida Chirchiqdagi agro-tex klasterda o‘qitish tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Endilikda talabalar bir vaqtning o‘zida ishlab, maosh oladi. Shuningdek, universitetda har biri 5 nafar talabadan iborat “Kelajak fermerlari” eksperimental jamoalari tashkil etiladi. Ushbu jamoalar o‘quv yili davomida 10 sotix yerni o‘zlashtirib, o‘zlari ekin ekadi. Ular yerning unumdorligini oshirish, serhosil va yuqori daromad olish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, kursdan kursga o‘tadi. Davlatimiz rahbari qolgan barcha oliygohlar ham ushbu ijobiy tajribadan namuna olishi zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, Jizzax politexnika institutining Muhandislik maktabi ochilishi hamda bu yerda har yili 300 nafar viloyat yoshlari dual ta’lim asosida zamonaviy muhandis bo‘lib chiqishi rejalashtirilgan. Ushbu institutda Vengriyaning mashhur Obuda universiteti ta’lim tizimi asosida nafaqat avtosanoat uchun, balki elektrotexnika, transport, qurilish va qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligida muhandislar, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qolaversa, endilikda huquq-tartibot oliygohlarida ham 3, 4- kurs talabalari uchun dual ta’lim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi.
Joriy yildan boshlab texnikumlarda “dual ta’lim” asosida ta’lim olayotgan 100 ming nafar o‘quvchiga ilk bor stipendiya to‘lanadi. «A’lo» baholarga o‘qiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan o‘quvchilarga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.
Davlat dual ta’limni qo‘llab-quvvatlaydigan ish beruvchilarni rag‘batlantirishning keng ko‘lamli tizimini joriy etmoqda. Jumladan, ushbu ta’lim tizimini samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha 5 ball taqdim etiladi. Bu esa biznes uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Texnikumlar o‘quvchisini ishga olgan korxonalar uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana 3 yilga uzaytirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi mexanizm –ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi masofani qisqartirib, yoshlarni iqtisodiy mustaqil kuchga aylantiradi. Tizim “diplom uchun o‘qish” kabi ahamiyatini yo‘qotgan yondashuvdan voz kechib, ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etadi.
Natijada mehnat bozorining real talablariga mos, amaliy ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh mutaxassislar shakllanadi. Dual ta’limni izchil va keng joriy etish esa yoshlarning bandligini ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlash hamda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan yangi avlod mutaxassislarini voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda dual ta’lim nafaqat ta’lim tizimini takomillashtirish, balki davlat va iqtisodiyot tarmoqlarida boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA