Navoiy davlat universitetida dual ta’lim tizimini joriy etish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma’lumki, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda dual ta’lim tizimining ahamiyati katta. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilning 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham dual ta’lim tizimiga o‘tish to‘g‘risida so‘z yuritilgan edi.
Yurtboshimiz yig‘ilishda “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab berilishi, oliygohlar hamkor korxonalarda kafedralar ochishi, dual ta’limni yo‘lga qo‘yishini ta’kidlagan edi. Bunda korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga mablag‘ ajratadi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.
Bugungi kunda universitetda ham dual ta’lim tizimini joriy etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Mazkur tizim orqali talabalar nazariy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
– Hozirda oliygohimiz tomonidan bir qator korxona va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, – deydi universitet rektori Muhiddin Kalonov. – Jumladan, “Navoiyazot” AJ va “Zarafshon Golden Group” kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari asosida axborot texnologiyalari, texnologik ta’lim, xorijiy til va adabiyoti, biologiya, kimyo hamda maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi 3-4 kurs talabalari malakaviy amaliyotlarga jalb qilinmoqda. Talabalarga malakaviy amaliyot yakunida mehnat qonunchiligiga muvofiq ish bilan ta’minlash imkoniyatlari yaratilmoqda.
Shuningdek, Biologiya kafedrasi Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi va Agrokimyoviy tahlil markazi bilan hamkorlikda kafedra filialini tashkil etgan. Natijada 79 nafar bakalavr va 10 nafar magistr talaba o‘z dissertatsiya va bitiruv ishlarini ushbu tashkilotlar negizida olib bormoqda.
Geografiya kafedrasi bilan Gidrometeorologiya boshqarmasi o‘rtasida 10 yillik hamkorlik shartnomasi tuzilib, amaliy mashg‘ulotlar davom ettirilayotgan bo‘lsa, Texnologik ta’lim, Fizika va astronomiya kafedralari Qiziltepa tumanidagi 1-son politexnikum bilan hamkorlik qilmoqda.
Bugungi kunda Jismoniy madaniyat kafedrasi Navoiy Olimpiya va Paralimpiya tayyorlash markazi bilan hamkorlik asosida 6 nafar, Maktabgacha ta’lim kafedrasi esa Navoiy shahridagi 25-son “Nafosat” davlat maktabgacha ta’lim muassasasi bilan 2- va 3-kursda tahsil olayotgan 21 nafar talabani dual ta’lim asosida haftaning ikki kunida amaliyotga jalb qilgan.
[gallery-22863]
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Tadbir so‘nggida Navoiy davlat universiteti, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yana rivojlantirish maqsadida memorandum imzolandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov, O‘zA muxbirlari