Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dual ta’lim: amaliyot uyg‘unligidagi natija
14:09 / 2025-06-24

Farmon va ijro

Toshkent viloyatida mahalliy ish beruvchilar bilan dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash hamda qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha Respublika seminari o‘tkazildi. 

Dastlab “Bu bog‘lar – bir bog‘lar bo‘ladi” shiori ostida Ziyolilar bog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, viloyatdagi tashkilotlar rahbarlari, respublikamizdagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari boshliqlari, shuningdek, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari qatnashib, o‘z fikr-mulohazalari va samimiy tilaklarini bildirdi.

Shundan so‘ng seminar O‘rta Chirchiq tumani va Angren shahrida davom etdi. Unda asosiy e’tibor Prezidentimizning 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga qaratildi. 

Qayd etilganidek, hududdagi kasbiy ta’lim tashkilotlarida 24 ming 278 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Oliy ta’limda 8 ta davlat, 3 ta nodavlat va 3 ta xorijiy filiallar faoliyat yuritmoqda. Ularda jami talabalar soni 72 ming 755 nafarni tashkil qiladi. 

2024–2025 o‘quv yilida 4 ta oliygohda dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungacha jami 472 nafar talabalar tahsil olmoqda. Jumladan, Chirchiq davlat pedagogika universitetida 164 nafar, Toshkent davlat agrar universitetida 120 nafar, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning Olmaliq filialida 168 nafar hamda Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filialida 20 nafar talaba dual ta’lim shaklida o‘qimoqda.

Hozirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ, “Chirchiq transformator zavodi” AJ, “Toshkent traktor zavodi” MCHJ, “Birinchi Rezinatexnika zavodi” MCHJ, “Bekobod sement” AJ, “Qorasuv Paxta tozalash zavodi” AJ kabi yirik korxonalar bilan shartnomalar imzolandi.

Tahlillarga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarida hozir 150 dan ortiq kasblarga o‘qitilmoqda. Shu asosida 3 ming 960 nafar bitiruvchi 200 dan oshiq o‘zlari amaliyot o‘tagan korxonalarda doimiy ish bilan ta’minlangan.

Xususan, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Qorasuv Invest” mebel fabrikasida dual ta’lim asosida ishlab chiqarish jarayoni tashkil qilingan. Seminar ishtirokchilari bu yerda yoshlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Shu bilan birga, Angren shahridagi 2-son politexnikum qoshida qurilish sohasiga oid qisqa muddatli kurslar faoliyati bilan ham tanishildi.

Shuningdek, seminarda dual ta’lim tizimini samarali tashkil etish, ishlab chiqarish va o‘quv jarayonini uzviy bog‘lash, kasbiy ko‘nikmalarni amaliyotda mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

A.Musayev, O‘zA.