“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz”
Zarbdor tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yillik bayramiga bag‘ishlab – “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida sportning stol tennisi turi bo‘yicha Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sovrini uchun ochiq turnir bo‘lib o‘tdi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish ishlari vazirligi, Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi hamda Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Turnirda 2011-2012 hamda 2009-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar, 2007-2008 yillarda tavallud topgan o‘smir yigit-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Jizzax viloyati shahar va tumanlari hamda Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarining bolalar-o‘smirlar (BO‘SM) hamda ixtisoslashgan bolalar o‘smirlar sport maktab(IBO‘SM)laridan kelgan 160 nafarga yaqin yosh raketka ustalari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
[gallery-8571]
– 5 kun davom etgan murosasiz bellashuvlar – shaxsiy, juftlik, aralash juftlik va jamoaviy tizimda o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi Jizzax viloyat bo‘limi bosh murabbiyi Baxtiyor Odilov. – Ushbu musobaqada umumjamoa hisobida 1-o‘rin Samarqand viloyati, 2- va 3-o‘rinlar mos ravishda Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlari jamoalariga nasib etdi. Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining bosh sovrinini samarqandlik yosh raketka ustalari qo‘lga kiritdi.
G‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar sohiblariga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA