Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dovonda yangi turizm maskani barpo etiladi
15:29 / 2025-10-21

Davlatimiz rahbarining shu yil 16-17 sentyabr kunlari Namanganga tashrifi chog‘ida viloyatda turizmni rivojlantirishda salohiyat va imkoniyatlar yetarli ekanligi, bundan unumli foydalanish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etib sarmoya kiritish zarurligi ta’kidlandi.

Turizm yo‘nalishida yangi manzillar barpo etish yo‘lidagi navbatdagi qadamlardan biri sifatida, vodiy viloyatlarini poytaxtimiz Toshkent bilan bog‘lovchi katta magistral yo‘l – Qamchiq dovonining Namangan viloyatidan o‘tgan qismida zamonaviy dor yo‘li va dam olish majmuasi quriladi. 90 gektar maydonni qamrab oladigan mazkur loyihani Avstriyaning mashhur “Doppelmayr/Garaventa” guruhi amalga oshiradi. 

Shu munosabat bilan yurtimizga tashrif buyurgan “Doppelmayr/Garaventa” kompaniyasi mutasaddilari Joxannes Triyebnik, Valeriy Yashin va Yevgeniy Kuprin Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi. O‘zaro muloqotda loyihaning strategik ahamiyati, texnik tafsilotlari, iqtisodiy samarasi va amalga oshiriladigan qurilish ob’ektlari muhokama qilindi. 

Qayd etish darkor, ushbu loyihani yirik tadbirkorlardan biri, “Aisha group” kompaniyasi rahbari, “Shuhrat” medali sohibi Jobirxon Kamoliddinov moliyalashtirmoqda. 

– Yirik ko‘lamdagi ishlarni bajarish uchun viloyatning so‘lim tabiati allaqachon tayyor edi, endi unga infratuzilma kerak, xolos, – deydi tadbirkor. – Bugun odamlar dovondan o‘tishadi, biz esa ertaga bu joyda dam olish istagini uyg‘otamiz. Mazkur loyiha amalga oshgach, Namangan viloyati nafaqat vodiyda, balki butun Markaziy Osiyoda tog‘ turizmining yangi markaziga aylanishi kutilmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, “Doppelmayr/Garaventa” Avstriya va Shveysariyada tashkil topgan bo‘lib, kanatli yo‘llar, liftlar, yo‘lovchi va material tashish sistemalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar guruhidir. Kompaniya turli texnologiyalar, sistemalar va xizmatlar bo‘yicha yetarlicha keng portfelga ega hamda 96 davlatda 15 mingdan ziyod kanat yo‘llarini qurgan. 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.