Vodiy hududlarini poytaxtimiz bilan bog‘lovchi Qamchiq dovoni respublikamizning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan katta magistral yo‘lidir. Qolaversa, bu tog‘li hududda hali ishga solinmagan turizm imkoniyatlari mavjud bo‘lib, u iqtisodiyotni barqarorlashtirish hamda aholi farovonligi va turmush sharoitlarini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, Namangan viloyatining Pop tumani hududidan o‘tgan dovon qismida zamonaviy turizm zonasini barpo etish bo‘yicha istiqbolli yirik loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur loyiha “Aisha Home Group” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, umumiy qiymati 35 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirokidagi taqdimotda loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirilish muddatlari, moliyaviy manbalari va hudud turizmini rivojlantirishdagi ahamiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Taqdim etilgan loyiha doirasida katta yo‘l bo‘yida kichik avtobuslar uchun, shuningdek, 250 o‘rinli va to‘rt qavatli 450 o‘rinli avto-turargohlar barpo etiladi. Ushbu inshootning yuqori qismida zamonaviy restoran tashkil etiladi.
Tadbirkor Jobirxon Kamoliddinovning qayd etishicha, turistlar uchun piyodalarga mo‘ljallangan 120 metrlik osma ko‘prik, soy ustiga quriladigan ko‘prik-to‘g‘on, shuningdek, dor yo‘lining birinchi stansiyasi barpo qilinadi. Mehmonlarni kutib olish binosi, o‘zbek milliy urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi etnos-kompleks ham loyihadan o‘rin olgan.
[gallery-27569]
Sun’iy ko‘l atrofida suv o‘yingohlari, milliy taomlar majmuasi tashkil etiladi. Olti yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 100 metr uzunlikdagi, to‘rt yo‘lakli sun’iy qor uskunasi bilan jihozlangan o‘yingoh barpo etiladi. Ota-onalar uchun kuzatuv joyi va kafe faoliyat yuritadi.
Kattalar uchun 250 metr uzunlikdagi sun’iy qor maydoni tashkil etiladi. Dor yo‘lining o‘rta stansiyasi, 100 xonadan iborat, 200 o‘rinli uch qavatli mehmonxona hamda 300 ta xonadan iborat apartament uylar quriladi.
Qolaversa, bolalar uchun o‘yingoh, zoopark, tabiiy materiallardan qurilgan dam olish maskanlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Dor yo‘lining yuqori stansiyasi, kuzatuv maydoni, terrasa, kafe va suvenir do‘konlari, bolalar maydonchasi ham loyihadan o‘rin olgan.
Mazkur yirik turizm loyihasini ishga tushirish 2027 yil oxiriga mo‘ljallangan bo‘lib, uning amalga oshirilishi hududning turistik salohiyatini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eng asosiysi, jahon standartlariga asoslangan xavfsizlikni ta’minlash hamda ichki va tashqi turizmni jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.