English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dovonda mavsumni betalafot o‘tkazish – asosiy vazifa
08:08 / 2026-01-22

Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarini poytaxtimiz Toshkent bilan bog‘lovchi A-373 “Toshkent – Ohangaron – Angren – Qo‘qon – Shahrixon – Andijon” avtomobil yo‘li va “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining Qamchiq dovoni qismi respublikamizning muhim strategik ahamiyatga ega infratuzilmasi hisoblanadi.

Dovon orqali bir kunda vodiy hududlaridan Toshkentga va poytaxtdan vodiyga o‘rtacha 30 mingdan ziyod avtotransport vositalar, shuningdek, “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali 30 ga yaqin yuk va yo‘lovchi poyezdlari qatnovi amalga oshirilib, bir sutka davomida 80-90 ming tonna yuk hamda 100 mingdan ortiq fuqarolar dovon orqali harakatlanadi.

Dovon hududida aholi va transport vositalarini uzluksiz harakatini ta’minlash maqsadida, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, sodir bo‘lgan taqdirda oqibatlarini bartaraf etish uchun jalb etiladigan kuch va vositalar yuqori tayyorgarlik rejimida navbatchiligi olib borilmoqda.

Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Kamchiq maxsus qutqaruv boshqarmasining qutqaruvchilari tomonidan mavsum davomida 1 ming 330 marotaba chiqishlar amalga oshirilib, ularda 1 ming 776 nafar yo‘lovchi va haydovchiga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Dovon avtomobil yo‘lining 138-162 kilometr oralig‘ida 65 ta qor ko‘chish xavfli uchastka mavjud, ulardan 37 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobil yo‘liga xavf solishi mumkin. Bularda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zgidromet” xodimlari bilan monitoring kuzatuv ishlari kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda. O‘tgan mavsum davomida shimoliy, janubiy zaxira yo‘llariga kirish hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilinib xavfsizlik choralari ko‘rilgan.   

“A-373” avtomobil yo‘lining qor ko‘chish xavfli uchastkalarga 9 mingdan ortiq qor ko‘chkilaridan himoya to‘siqlar bo‘lib, o‘tgan 2025 yilda 250 ta himoya to‘siq o‘rnatildi. Joriy yilda esa, qorni ushlab turuvchi 300 dan ortiq qalqonlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, xavfli uchastkalarda doimiy monitoring kuzatish ishlari yo‘lga qo‘yilib, avtomobil yo‘lini saqlash, xandaqlarni tozalash va sirpanchiqqa qarshi qum-tuz aralashmalarini sepish ishlari bajarilmoqda, qor ko‘chkilariga xavfli uchastkalarga 125 ta “To‘xta! Qor ko‘chish xavfi bor!” ogohlantiruvchi va transport vositalarini to‘xtashini taqiqlovchi 30 ta belgi o‘rnatildi.

Dovon hududida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, yo‘l yopilishi bilan bog‘liq holatlarda, “A-373” “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 129 kilometr (220 kilometr) “Beshqo‘l” navbatchilik maskani hududiga 100 nafar fuqaro uchun dala chodiri o‘rnatilib, isinish punkti tashkil etilib,  quruq oziq-ovqat zaxirasi, isitish pechlari, yoritish chiroqlar, stol-stul va boshqa zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, “Qamchiqavtoyo‘l ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi” davlat muassasasining Namangan va Toshkent viloyatlari hududlarida joylashgan 258- va 524-yo‘l bo‘limlarida qulay shart-sharoitlarga ega 50 kishini qabul qilish bo‘yicha isinish punktlari tashkil etildi. Mavsum boshidan hozirgi kunga qadar mazkur isitish punktida 57 ta texnikada 88 nafar fuqaro qabul qilinib, issiq choy va quruq oziq-ovqat bilan ta’minlangan.

– Qor ko‘chkisi – tog‘li hududlarda yuzaga keladigan xavfli tabiiy hodisa bo‘lib, u ko‘p hollarda inson hayotiga va infratuzilmalarga katta ziyon yetkazishi mumkin. Shu sababli, qor ko‘chkisi xavfini oldindan bilish va undan himoyalanish, ogohlik va ehtiyotkorlik  choralarini ko‘rish juda muhim ahamiyatga ega. Yuqori tog‘li hududlarda joylashgan qor qatlamlarining o‘z og‘irligi yoki tashqi ta’sirlar sababli siljishi va tezlik bilan pastga tushishi turli omillar ta’sirida yuz beradi. Odamlar yoki texnikalar ta’siri – tog‘li hududlardagi sayyohlar yoki qurilish ishlari qor ko‘chkisini faollashtirishi mumkin, – deydi Qamchiq maxsus qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Hasan Bobonov.

Shu o‘rinda, qor ko‘chkisi xavfidan saqlanish choralari borasida ayrim foydali tavsiyalarni eslatib o‘tishni joiz, deb bildik. Eng avvalo, tog‘li hududlarda ehtiyotkor bo‘ling. Ayniqsa, qor ko‘chishi xavfi yuqori bo‘lgan joylarga bormaslik kerak. Ogohlantirish xizmatlarini kuzatib boring ob-havo ma’lumotlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligining tavsiyalariga amal qiling.

Qor ko‘chkisi – jiddiy tabiiy ofat bo‘lib, undan himoyalanish uchun har bir inson ehtiyotkorlikni oshirishi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi zarur. Tabiat shiddatli bo‘lishi mumkin, lekin u bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lsak, hayotimiz va mulkimizni saqlab qolishimiz mumkin.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.