French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dovgistov koni: 20 yillik mehnat va samara
14:55 / 2022-02-13

Qizilqum kengliklari asrlar davomida karvonlar yo‘llarini adashtirmagan, ammo odamzod yuragiga g‘ulg‘ula solgan. Biroq ilm-fan rivoji uning sirli bag‘rida Mendeleyev davriy sistemasida aks etgan jamiki metallar borligini isbotladi.

 

 

– “Dovgistov” oltin ma’dan koni zaxiralarini o‘rganish bo‘yicha birinchi bosqich ishlari o‘tgan asrning 76-yillarida boshlangan bo‘lsa, 1977-1982 yillar davomida esa konni o‘rganishning ikkinchi bosqichi natijalariga ko‘ra uning zaxiralari to‘la tasdiqlangan, – deydi Shimoliy kon boshqarmasi bosh muhandis o‘rinbosari Nuriddin Kamolov. – Konda oltinning umumiy hajmi, imkoniyatlari va kelajakda izlab topilishi bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilib, sanoat ishlab chiqarilishiga tayyorlandi va ommaviy portlatish ishlari amalga oshirildi. “Dovgistov” kareridagi tog‘-kon ishlari 2001 yilning fevralida boshlangan edi. Dastlabki bosqichda “Sharqiy” ochiq usulda qazib olish konidan kon texnikalarining bir qismi “Dovgistov” koniga kon-ekspluatatsiya uchastkasining bir qismi sifatida o‘tkazilgan. Kon ishlari hajmining oshirilishi munosabati bilan 2002 yil 1 martdan boshlab “Dovgistov” alohida ochiq usulda qazib olish koni Shimoliy kon boshqarmasi kon majmuasi tarkibiga aylantirildi. Bu yerda yil oxiriga qadar 3,6 million metr kub hajmda kon ishlari bajarilgan.

“Dovgistov” koni mustaqil O‘zbekiston tarixida ish boshlagan dastlabki konlardan biri. Kon mustaqillikning ilk zavodi 3-Gidrometallurgiya zavodining xomashyo bazasi hisoblanadi. Dastlabki yillar kondagi mavjud “Dovgistov”, “G‘arbiy Dovgistov”, “Adjibugut”, “Birinchi sentyabr” va “Dovon” karerlarida asosan oksidlangan oltin ma’dan qazib olingan.

Uchquduq kon zaxiralarining 15-20 foizi oksidli, 80-85 foizi esa sulfidli ma’danlardan tashkil topganligi sabab 2008 yildan boshlab 3- Gidrometallurgiya zavodida oksidlash texnologiyasi joriy etildi. Zavodning sulfidli oltin ma’danni qayta ishlashga o‘tishi munosabati bilan “Dovgistov” konlarida sulfidli oltin ma’dan qazib olish ishlari boshlandi. Hozirgi kunda “Dovgistov” konida sulfidli oltin ma’dan qazib olish karerlarining 2-bosqichi ishchi loyihasi doirasida ish olib borilmoqda.

– Joriy yilning 1 martida “Dovgistov” koni tashkil topganligiga 20 yil to‘ladi, – deydi kon boshlig‘i Sherzod Hamroyev. – bugungi kunda 3-Gidrometallurgiya zavodiga oltinga boy ma’danlarni yetkazib berayotgan konda 500 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat yuritayapti. Ayni vaqtda “Dovgistov” koni 270 metrdan ziyod chuqurlikka ega bo‘lib, undan foydalanish vaqtidan boshlab 217 million kub metrga yaqin tog‘ jinslari 3-Gidrometallurgiya zavodiga xomashyo sifatida yetkazib berilgan. 2021 yilda esa kon tashkil topgandan buyon qazib chiqarish bo‘yicha rekord natija qayd etildi. “Dovgistov” va “Mag‘ribkon” karerlaridan 33 million kubmetrdan ortiq kon massasi qazib olindi.

Keyingi yillarda konda investitsion loyihalar doirasida zamonaviy kon texnika va texnologiyalari o‘zlashtirilmoqda. 2021 yili “Dovgistov” koniga zamonaviy texnika – kovshining hajmi 6 kub metr bo‘lgan “Hitachi EX-1200” rusumli ekskvator keltirildi. Mazkur kon texnikasi sutkasiga 8 ming kub metr kon massasini avtoag‘dargichlarga yuklab bermoqda. Shu bilan birga, siklik oqim texnologiyasi konveyeri 200 metrga uzaytirilishi evaziga ishlab chiqarish hajmi ortdi. Bu bilan konveyer umumiy uzunligi 1650 metrga yetkazilishi natijasida avtoag‘dargichlar manzili qisqarib, yoqilg‘i tejab qolinmoqda.

Bugun 20 yoshli Dovgistov konining uzunligi qariyb 3 ming metrga yetganini hisobga oladigan bo‘lsak, hali uning yon bag‘irlarida ochilmagan mo‘’jizalar ko‘pligini anglash qiyin emas. Shu bois bu yerda kon umrini uzaytirish maqsadida geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA