Joriy yilning 7 iyul kuni Jizzax viloyatida sanoat salohiyatini tiklash va aholi farovonligini oshirish yo‘lida navbatdagi amaliy qadam qo‘yildi. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida “O‘zmilliybank” AJ tashabbusi bilan Do‘stlik tumanidagi faoliyati to‘xtagan yog‘-moy zavodi qayta tiklanib, bugungi kun talablariga mos ravishda zamonaviy ishlab chiqarish korxonasiga aylandi.
“AF-OLAM” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilgan loyiha doirasida “O‘zmilliybank”ning Jizzax viloyati boshqarmasining balansida bo‘lgan 35 milliard so‘mlik asosiy ishlab chiqarish binolari va uskunalar qulay shartlarda xususiy sektorga o‘tkazildi. Mazkur kelishuv 7 yillik muddatga, 12 oylik imtiyozli davr va 10 foiz boshlang‘ich to‘lov asosida foizsiz to‘lash sharti bilan amalga oshirildi.

Qisqa muddatda qayta jihozlangan korxona bir kunda 200 tonna chigitni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ldi. Ayni paytda bu yerda 120 nafar yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, tuman aholisining bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan, mahsulot sifatini nazorat qilish tizimi joriy etilgan.

Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev korxonada bo‘lib, uning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida hokim korxona rahbariyati bilan kelgusi rejalar, eksport salohiyati, yangi mahsulot turlarini joriy etish va ishlab chiqarish hajmini oshirish kabi masalalarni muhokama qildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA