Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari, general mayor G‘ayrat Qodirov tuman hokimi Shavkat Darveshev, tuman sektorlari rahbarlari ishtirokida ommaviy qabul tashkil etildi.

Qabul avvalida ehtiyojmand oilalarning 5 nafar farzandiga, safarbarlik chaqiruv rezervida xizmatni o‘tashi uchun yana 2 nafar yoshga haydovchilik guvohnomasi uchun to‘lov mablag‘lari o‘tkazib berildi, bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga mikroto‘lqinli mini-pech, 16 yoshga to‘lgan 2 fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar topshirildi. Bundan tashqari, 5 nafar tashabbuskor va faol yoshlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Muloqotda murojaatchilar o‘zlarini qiynayotgan ijtimoiy-maishiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarni hal etishda amaliy yordam so‘radi. Jumladan, yo‘llarni ta’mirlash, aliment undirish, ish bilan ta’minlash, tijorat bankidan kredit mablag‘lari olish, elektr transformatorlarini o‘rnatish, elektr tayanchlarni almashtirish kerakligi aytildi. Qabul davomida 25 nafar fuqaroning murojaatlari mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida hal etiladigan bo‘ldi.

Ommaviy sayyor qabulda ko‘tarilgan masalalarning aksariyati joyida hal etildi. Vaqt va mablag‘ talab etadigan muammolar ijrosini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olindi.
A.Qayumov, O‘zA