English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Do‘stlikda har bir yosh doimiy e’tiborda
04:57 / 2022-11-04

Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hokimi safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga chaqirilgan, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan, tadbirkorlikni boshlash niyatida bo‘lgan hamda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ehtiyojmand oilalar talaba-yoshlari bilan uchrashuvdi.

Tadbirda Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani hokimliklari, tumandagi sektorlar, mudofaa ishlari, Yoshlar agentligi viloyat va tuman boshqarma va bo‘limlari xodimlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tuman hokimi Shavkat Darvishev, Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Savurbayev so‘zga chiqib yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 iyundagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yoshlarga ijtimoiy ko‘mak berish maqsadida 22 turdagi yordam berilayotgani ta’kidlandi.  

Do‘stlik tumanida yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “mahallabay” ishlash tizimi orqali yoshlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish borasida samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, joriy yilda 14 ming 265 nafar yosh xatlovdan o‘tkazilib “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Xatlov natijasida “Yoshlar daftari”ga 437 nafar yigit-qizlar kiritilgan bo‘lib, ularning barchasiga amaliy yordam berildi va qo‘llab- quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlarning taklif va istaklarini o‘rganish hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish bo‘yicha “Nukus shahar tajribasi” yaratildi.  Joriy yilning 7-9 sentyabr kunlari Respublika ishchi guruhi Jizzax viloyatiga o‘rganishlari davomida Do‘stlik tumani namuna sifatida tanlab olindi va “Nukus shahar tajribasi” asosida yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash, mahallalarda “Yoshlar balansi”ni shakllantirish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari ishtirokida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

[gallery-9421]

O‘tkazilgan qayta xatlov natijalariga ko‘ra, 13 ming 764 nafar yosh yigit-qizlar balansi shakllantirildi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari va bandligi ta’minlanmaganlarni “Yoshlar daftari”ga kiritish uchun yoshlar yetakchilari tomonidan tavsiya etildi. Tavsiya etilgan yoshlarning muammolarini hal etish uchun jami 1 milliard  802 million  so‘m mablag‘ ajratish zarurligi aniqlandi. bugungi kunda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.

Yaqinda 53 nafar safarbarlik chaqiruvi rezerviga jalb etilgan yoshlarga 257 million 47 ming so‘mlik badal pullari “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi va ularning bir guruhi bir oylik harbiy yig‘inda xizmatni o‘tashi uchun tantanali ravishda kuzatib qo‘yildi.  

– Joriy yilning 7 sentyabr kunidan boshlab tumandagi 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar yetakchilari tomonidan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlarni xatlovdan o‘tkazish jarayoni boshlandi, – dedi tuman hokimi Shavkat Darvishev. –bugungi kunga kelib 12 ta mahallada xatlov jarayonlari to‘liq yakunlandi. 13 ming 764 nafar yigit-qizlar balansi shakllantirildi, 7 nafar yoshning haydovchilik kurslari harajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdori(BHM)ning 4 baravari miqdorida jami 8 million 400 ming so‘m mablag‘ to‘lab berilib, yoshlar o‘quv kurslariga jalb etildi. Shuningdek, 35 nafar yosh “Zamonaviy kasblar” loyihasi doirasida o‘quv kurslariga jalb etilib, o‘quv kurslari xarajatlari uchun 27 million  730 ming so‘m to‘landi.

Bulardan tashqari, tumandagi 97 nafar ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan talabalarga o‘quv kontrakt-shartnoma mablag‘lari hamda 71 nafar yoshlarning tadbirkorlik qilish va bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya tarzida mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish rejalashtirilgani ham alohida ta’kidlandi. Tadbirda tumandagi har bir yosh doimiy e’tiborda bo‘lishi, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi.

A.QAYUMOV,

J.YORBEKOV (surat), O‘zA