Poytaxtimizda Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan "Do‘stlik" videoroliklar tanlovi ijodiy tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrash masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qat’iy nazar, teng huquqlarga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda 30 iyul sanasi Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yurtimizda 30 iyul - 7 avgust kunlari Do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.
Festival doirasida "Do‘stlik" videoroliklar tanlovi tashkil etildi. Ushbu tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, xalqimizda turli illatlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashdan iboratdir.
Mazkur tanlov ikki nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi. "Do‘stlikni tarannum etgan eng yaxshi rolik" hamda "Millatlararo totuvlik aks ettirilgan eng yaxshi ko‘rsatuv, reportaj, film" nominatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tanlovga to‘qsonga yaqin ijodiy ish kelib tushdi.
Tanlovda ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri