San’at til, millat tanlamaydigan navolar tarjimonsiz, hech bir vositasiz inson yuragiga kirib boradi.
Xalqaro “Lazgi” festivali ham dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘ladi.
Madaniyatni, ma’naviyatni targ‘ib etib, do‘stlik va tinchlik madh etildi. Bu jihatlar Xivada bo‘lib o‘tgan Xalqaro “Lazgi” festivalida yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Xalqaro “Lazgi” festivalida dunyoning 30 ga yaqin davlatidan kelgan madaniyat va san’at sohasining zabardast vakillari ishtirok etdi. 175 dan ortiq ishtirokchilar o‘z chiqishlarini taqdim etdilar. Har bir xalqning milliy va o‘ziga xos yo‘nalishdagi raqslari mahorat bilan ijro etildi. Ular tomoshabinlar tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi.
Tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etishdi. “Lazgi” raqsi o‘zining beqiyos sehri, jozibasi va tarovati bilan turli millat va elatlarni birlashtiruvchi ta’sirchan san’at vositalaridan biri ekanligini ta’kidladilar.
Festival so‘nggida bir-birimizga esdalik sovg‘alar ulashdik.
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi
madaniyat vaziri