French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Do‘stlik va hamkorlikning mustahkam poydevori
10:59 / 2025-11-25

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar so‘nggi yillarda yangi, yuksak darajaga ko‘tarildi. Asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, madaniyat va tillar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirdi. Bugungi kunda fan, ta’lim va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ichki ishlar vazirligi (IIV) akademiyasida tojikistonlik kursantlarning ta’lim olishi mazkur ishonchli sheriklikning yorqin amaliy isbotidir.

Mazkur ta’lim maskanida Tojikiston Respublikasining muhim tarixiy sanasi – Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbir ana shu do‘stlik rishtalarining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Tojikiston Respublikasi davlat ramzlaridan biri bo‘lgan bayroq 1992 yil 24 noyabrda qabul qilingan. Bu sana milliy birlik, mustaqillik va hurlik timsoli sifatida har yili katta tantanalar bilan nishonlanadi. IIV akademiyasining Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakultetida o‘tkazilgan tadbir ham ana shu yuksak qadriyatlarni ulug‘lashga bag‘ishlandi.

Professor-o‘qituvchilar va tojikistonlik kursantlar ishtirok etgan tadbirda davlat ramzlariga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom namoyon etildi. Tadbir davomida yosh kursantlar so‘z olib, Vatan bayrog‘iga bo‘lgan mehr va muhabbatini dil so‘zlari, she’rlar orqali ifodaladi.

– Milliy g‘urur, vatanparvarlik, mardlik, qasamyodga sodiqlik singari fazilatlar davlat bayrog‘i, unda aks etgan ulug‘vor g‘oyalar orqali qalbga kirib boradi, – dedi 2-bosqich kursanti Umed Mahmudzoda. –Shu bois millat bayrog‘i barchamizni yagona maqsad yo‘lida birlashtiruvchi, ona yurt himoyasi uchun kurashga da’vat etuvchi beqiyos qudratga ega.

Tadbirning eng muhim jihatlaridan biri uning nafaqat Tojikiston milliy bayramiga bag‘ishlangani, balki o‘zbek va tojik xalqlariga xos bo‘lgan mushtarak qadriyatlar va do‘stona aloqalar ruhida o‘tgani bo‘ldi.

Tantana davomida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning rivojlanishi, mamlakatlarimiz farovonligi yo‘lida qilinayotgan ezgu say’-harakatlar haqida iliq mulohazalar bildirildi. Bunday tadbirlar O‘zbekiston ta’lim muassasalarida xorijiy kursantlarning o‘z milliy qadriyatlarini ardoqlashi uchun yaratilgan qulay muhitning yorqin dalilidir.

IIV akademiyasida o‘tkazilgan ushbu tadbir O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik naqadar chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi. Xavfsizlik va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikning muvaffaqiyatli kechishi mintaqaviy barqarorlik va ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Jamshid Xolov, 

IIV akademiyasi Axborot xizmati