30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Buxoro viloyati Kengashi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi totuvlikni targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbir ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan viloyat Kengashi raisi Rajabboy Hasanov barchani Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan samimiy tabriklar ekan, o‘zbek xalqi azaldan do‘stlik, sadoqat, mehr-oqibat va birdamlik kabi ezgu tuyg‘ularni o‘zining milliy qadriyatlari qatorida e’zozlab kelayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, bu an’analarni saqlab qolish va yanada yuksaltirish har bir fuqaro uchun muhim vazifa ekanini qayd etdi. Xalqaro do‘stlik kuni dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik, millatlararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchni oshirishda muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida rus, koreys, nemis, tatar-boshqird, qozoq, ozarbayjon, tojik-fors, turk, turkman, yahudiy hamda polyak milliy madaniy markazlarining Buxoro viloyati bo‘limlari rahbarlari “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining viloyat Kengashi faollarni munosib taqdirladi.
Tadbir samimiy va iliq muhitda o‘tdi. Milliy madaniy markazlar vakillari ko‘rsatilgan e’tibor va e’tirof uchun minnatdorlik izhor etib, kelgusida ham yurtimizdagi millatlararo do‘stlik va birdamlikni mustahkamlashda o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.