Mamlakatimizda millatlararo do‘stlik, turli millatlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi tomonidan 2021 yil 27 yanvarda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2021 yil 5 fevralda tasdiqlangan “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga asosan bir necha yildan buyon yurtimizda 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida keng nishonlanib kelinadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu qonun hujjati eng avvalo, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, Bosh Qomusimiz va boshqa me’yoriy hujjatlarda ham yurtimizda yashovchi turli millat va elatlarning huquq, erkinliklari qonun yo‘li bilan himoyalangan. Ularning o‘z ona tilini o‘rganishi, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Buni Andijon viloyatida mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda viloyatda ellikdan ortiq millat va elat vakillari tinch, osoyishta yashab keladi. Ayniqsa, Qirg‘iz, Uyg‘ur, Rus, Koreys va Arman milliy-madaniy markazlari viloyat bo‘limlari tomonidan millatlararo do‘stlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar alohida e’tirofga sazovor.
Umuman, viloyatimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan viloyat hokimligi, Madaniyat boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, Mahallalar uyushmasi hamda milliy madaniy markazlar viloyat bo‘limlari hamkorligida turli millat va elatlarning urf-odat hamda an’analarini o‘zida mujassam etuvchi, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi tadbirlar, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, do‘stlik festivallari doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, milliy madaniy markazlar viloyat bo‘limlari bilan hamkorlikda “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda minglab yurtdoshlarimiz, turli millat vakillari ishtirok etmoqda.

Jalaquduq tumani “Oqbuloq” bolalar oromgohida o‘tkazilgan “Do‘stlik festivali”da turli millatlar urf-odat va an’analari keng targ‘ib etildi. O‘zbek, qirg‘iz va boshqa millatlarning milliy liboslari, taomlari hamda qadriyatlari namoyish etildi. Millatlararo do‘stlikni mustahkamlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida turli millat vakillaridan iborat “Muloqot klubi” tashkil etildi. Ushbu tadbir turli millat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Asaka tumanidagi 20-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “Do‘st bilan obod uyimiz” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tdi. Tuman hokimi Nasibullo Mo‘minov, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, yoshlar, turli millat vakillari qatnashgan tadbirda azal-azaldan qo‘ni-qo‘shni, qon-qarindosh, quda-anda bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek, tojik, qirg‘iz millati vakillari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganligi alohida ta’kidlandi.
Marhamat tumanining Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh Birlik mahallasida o‘tkazilgan “Qo‘shnichilik – ming yilchilik” deb nomlangan tadbirda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Ergashali Abdujalilov, tuman faollari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, tumanda yashayotgan o‘zbek, qirg‘iz va boshqa millat vakillari ishtirok etdi. Tadbirda milliy liboslar va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi, savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat hamda bag‘rikenglik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Nigoraxon Qashqaboyeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA