“O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari do‘stligi uzoq tarixga ega. Qadim-qadimdan bu ikki el tinchlik, yaqin qo‘shnichilik muhitida yashab kelmoqda”. Tojikistonlik shoir, yozuvchi, jurnalist va tarjimon Sulaymon Ermatov mamlakatning yetakchi “Xovar” agentligiga bergan intervyusida davlatlarimiz munosabatiga shunday ta’rif berdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik keyingi yillarda davlat rahbarlarining uzoqqa mo‘ljallangan tashabbuslari va siyosiy irodasi tufayli har qachongidan ham kuchliroq mustahkamlanib, rivojlanishning yangi bosqichiga, strategik sheriklikning yuqori darajasiga chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 18-19 aprel kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbega davlat tashrifi ko‘p qirrali munosabatlar rivojida yangi sahifa ochdi.
Mazkur tashrif doirasida turli yo‘nalishda hamkorlik bo‘yicha 28 bitim imzolandi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Sulaymon Ermatov qo‘shimcha qilganidek, yangi hujjatlar keng qamrovli, rejali sheriklikning turli yo‘nalishlari huquqiy bazasini sezilarli ravishda mustahkamlaydi. O‘zbekiston va Tojikiston strategik sherik, ishonchli ittifoqchisi. O‘zaro munosabat do‘stlikning uzilmas ipi, yaqin qo‘shnichilik, bir-biri manfaatiga hurmat asosiga qurilgan.
Sulaymon Ermatov ta’kidlashicha, икки davlat yaqin munosabatini ta’minlashda Tojikiston va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorligi bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyaning o‘rni alohida. Raqamli iqtisodiyot, texnologik tadqiqot, elektron tijorat, zamonaviy sanoat xizmati sohasidagi hamkorlik yangi, istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qaralmoqda. Kelgusida tovar ayirboshlash miqdorini 2 milliard dollarga yetkazish imkoni mavjudligi ta’kidlangan. Zarafshon daryosi sohilida ikkita Issiqlik elektr stansiyasi qurish uchun aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Bugungi kunda ikki davlat hududida 400 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududlar aro hamkorlikni, madaniy-gumanitar aloqani kengaytirish, ikki davlat fuqarolari uchun kvota taqsimlash, o‘quv qo‘llanmalarini birgalikda nashr etish muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston yetakchisining Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Dushanbedagi “EKSPO” markazida mamlakatimiz sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkli qilindi, Tojikiston va O‘zbekiston tadbirkorlari forumi o‘tkazildi. Bunday tadbirlar ikki davlat o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot, savdo-sotiq sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ikki do‘st davlat rahbarlari O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi yangi binosi ochilishida ishtirok etdi. Bu ham davlatlarimizning ko‘p tomonlama hamkorligi mustahkamlanib borayotgani tasdig‘idir.
Tojiklar aytadi: “hovli olma, qo‘shni ol”. Binobarin, bu ikki xalq yaqin qo‘shni bo‘lgani uchun bugun ham, ertaga ham, kelgusida ham bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zib yashaydi.
Saidmurod Rahimov tayyorladi.
O‘zA