Namangan viloyatida ko‘pgina xalqaro nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilgan Davlatobod tumanidagi “Do‘stlik” tennis korti majmuasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bajariladigan qurilish ishlari loyihasi bilan tanishdi.
Viloyat sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan sport maktabiga qarashli ushbu tennis korti 1995 yilda barpo etilgan. Oradan o‘n besh yil o‘tib, qayta ta’mirlangan edi. Shundan keyin o‘tgan yillar davomida inshoot eskirib, zamonaviy talablarga javob bermay qoldi. Ayni shu boisdan ham sport infratuzilmasini rivojlantirish va sportchi-yoshlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida to‘liq rekonstruksiya loyihasi ishlab chiqildi.
[gallery-25784]
Umumiy qiymati 21 milliard 32 million so‘mni tashkil etgan loyiha asosida ikkita yopiq va ochiq tennis korti, 30 o‘rinli restoran hamda 250 o‘rinli mehmonxona qayta quriladi. Zamonaviy dizayn va qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur kompleks kelgusida sportchilar, murabbiylar va mehmonlar uchun barcha sharoitlarni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, Xalqaro tennis federatsiyasi turkumidagi “ITF” va “Fyuchers” xalqaro turnirlarini yuksak saviyada tashkil etish va o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Nuroniylar, viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari, tennis ixlosmandlari va tuman follari ishtirokidagi taqdimot o‘tkazildi. Aytish joizki, bu qurilishni amalga oshirilishi natijasida Namangan viloyatida sport infratuzilmasi yanada yaxshilanib, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish asnosida, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan tennisga bo‘lgan qiziqish yanada ortadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.