Daryolar azaldan xalqlarni, ellarni birlashtirgan. Aholi suvga yaqin joylarda ahil, inoqlikda yashab kelgan. O‘zbek va qozoq xalqlari ham bir daryodan suv ichgan qondosh, jondosh, yelkadosh birodarlar hisoblanadi.
Mintaqamizdagi eng uzun daryo bo‘lgan Sirdaryo O‘zbekiston orqali qo‘shni Qozog‘iston hududiga oqadi. Daryodan suv oluvchi "Do‘stlik" kanali O‘zbekiston hududidan o‘tib, Qozog‘istonning Turkiston viloyati Yettisoy va Maxtaaral tumanlaridagi ekin maydonlarini sug‘orishga xizmat qiladi.
Chorvoq suv omboridan chiqarilgan suv “Zax”, “Xonum” va “Katta Keles” kanallari orqali Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariog‘och, Qazig‘urt tumanlari hamda Toshkent viloyatining Keles, Toshkent, Zangiota, Qibray va Chinoz tumanlari hududidagi ekin maydonlariga yetkazib beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida mintaqadagi transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalari Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi, Orolni qutqarish xalqaro Jamg‘armasi hamda ikki va ko‘p tomonlama yig‘ilishlarda konstruktiv tarzda hal qilib kelinmoqda.
2024 yil 12 aprel kuni Chimkent shahrida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida 2024 yil vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish masalalarida muhim kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, 2024 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston Qirg‘iziston o‘rtasida «To‘xtagul» suv omboridan hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida «Bahri-tochik» suv omboridan qo‘shimcha suv chiqarish to‘g‘risida uch tomonlama kelishuv ham imzolangan.
O‘zbekiston tomoni barcha kelishuvlarni o‘z muddatlarida va to‘liq bajarilishini ta’minlab kelayapti.
Joriy yil 23 iyul kuni Qozog‘iston Respublikasi suv resurslari va irrigatsiya vazirligi sug‘orish mavsumi boshlanganidan buyon O‘zbekiston Sirdaryodan 4 mlrd.m3 ga yaqin suv o‘tkazganligi to‘g‘risida bayonot berdi.
Bayonotda O‘zbekiston bilan Sirdaryo daryosi orqali Qozog‘istonga yarim yilda 3,7 mlrd.m3 suv o‘tkazishga kelishilgani, amalda ko‘proq suv o‘tkazilgani e’tirof etilgan. Shu bilan birga, yil oxirigacha yana 1 mlrd. m3ga yaqin suv o‘tkazilishi kutilayotgani aytilgan.
Ayni paytda Qozog‘iston bilan suv xo‘jaligi yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi Hukumatlararo Bitim loyihasi ko‘rib chiqilayapti.
Shu bilan birga, transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy Strategiya loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasida kelishib olingan.
Sirdaryo havzasida suv hisobini yuritish va monitoring qilish, davlatlararo ahamiyatga ega bo‘lgan gidropostlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish masalalarida hamkorlik ko‘rib chiqilmoqda.
Davlatlararo kanallarni tozalash, gidrotexnik inshootlarni ekspluatatsiya qilish maqsadida Toshkent va Sirdaryo viloyatlari suv xo‘jaligi xodimlari hamda texnikalarning Qozog‘iston hududiga o‘tib ishlash masalalari hal qilinayapti.
Muxtasar aytganda, Sirdaryo daryosi, «Do‘stlik» va boshqa kanallar orqali yetkazib berilayotgan suv, o‘zaro kelishuvlarning bajarilayotgani O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlab, ikkala davlat farovonligiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Shuhrat Suyunov,
Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati boshlig‘i