Joriy yilning 21-24 oktyabr kunlari O‘zbekistonning ikki manzili - qadimiy Xorazm viloyati hamda poytaxtimizda “Turkmaniston madaniyati kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Unda turkman xalqining madaniy merosi, milliy qadriyatlari va ikki xalqni bog‘lovchi qadriyatlari tarannum etildi.

Aytish kerakki, keyingi yillarda ikki qardosh yurt o‘rtasidagi aloqalar yanada yangi bosqichga chiqdi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuv hujjatlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘zaro ishonch, samimiyat, do‘stlik va qardoshlik, hurmat va ehtirom tamoyillari ildizi, tarixi, tili va dini mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi rishtalarni tobora mustahkamlashda ustuvor o‘rin egallagani diqqatga sazovordir.

Turkmanistonlik san’at ustalari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro festivallar, musiqa bayramlari, ko‘rgazmalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ayni paytda o‘zbekistonlik adabiyot, san’at namoyandalari qardosh yurtdagi adabiy-ma’rifiy tadirlarda faol qatnashmoqdalar.
21-22 oktyabr kunlari Xorazm viloyatining musiqali drama teatrida Turkmanistonning amaliy bezak san’ati va fotoko‘rgazmasi, “Turkmaniston madaniyat kunlari”ning ochilish marosimi tashkil etildi.

Shuningdek, hunarmandlarning mahorat darslari o‘tkazilib, Xorazm viloyati musiqali drama teatrida Turkmanistonning Dashog‘uz viloyati Nurmuhammet Andalip nomidagi musiqali drama teatrining “Iqror otashi” spektakli namoyish etildi.
23-24 oktyabr kunlari esa Toshkent shahrida ham tadbirlar davom etdi. Unda O‘zbekiston davlat drama teatrida Turkmanistonning Dashog‘uz viloyati Nurmuhammet Andalip nomidagi musiqali drama teatrining “Iqror otashi” spektakli namoyishi, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Turkmaniston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari Nursaxyet Shirimov bilan hamkorlik uchrashuvi, Turkmaniston va O‘zbekiston madaniyat hamda san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tdi.

Ayniqsa, "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyidagi o‘zbek va turkman san’at ustalari ishtirokidagi konsert do‘stlik, nafosat, ma’rifat va qardoshlik bayramiga aylanib ketdi. Tomoshabinlar o‘zbek va turkman san’atkorlarining har bir musiqiy chiqishlarini olqishlar bilan kutib oldi.
Aytish kerakki, 2024 yilning noyabr oyida Turkmanistonda "O‘zbekiston madaniyati kunlari" tadbirlari yuksak saviyada bo‘lib o‘tgan edi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri