O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etilgan "Do‘stlik" festivali doirasida rang-barang tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda "Do‘stlik nigohi" nomli qardosh xalqlar fotosuratlari ko‘rgazmasi ochildi.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Olim Narzullayev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur va boshqalar 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kunining ahamiyati haqida to‘xtalib, bu kabi ko‘rgazmalar millatlararo hamjihatlik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
[gallery-24492]
Darhaqiqat, keyingi yillarda jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini ta’minlash, O‘zbekiston ko‘p millatli yagona oila ekaniga doir ezgu g‘oyani yoshlar ongida mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita va milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari aks ettirilgan 100 dan ortiq fotosurat namoyish etilmoqda.
–Bu ko‘rgazma mamlakatimizda tinchlik, do‘stlik muhitini mustahkamlashdek ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli, – dedi "Svitanok" Respublika belarus milliy madaniyat markazi faoli Olga Bobrovska. – Chindan ham biz bugun tinch, osuda, taraqqiy etgan farovon yurtda istiqomat qilyapmiz. "Do‘stlik" festivali juda baland ruhda o‘tmoqda. Buning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiramiz.
"Do‘stlik" festivali mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari