O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mamlakatimiz hamda tojikistonlik ijodkorlar ishtirokida “Do‘stlik nasimi” nomli adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Abdullo Rahnamo, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-gumanitar aloqalar tobora rivojlanib borayotganini, bunda adabiyot sohasidagi hamkorlik alohida o‘rin egallayotganini ta’kidladilar.
– O‘zbek va tojik xalqlarining adabiy aloqalari diniy, urf-odat va turmush tarzining mushtarakligi asosida shakllangan, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Tarixda bu ikki xalqni bir-biriga yanada jipslashtirgan, o‘zbek va tojik adabiyotidagi bunday yaqinlik ikki buyuk siymo – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik va ustoz-shogirdlik munosabatlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ikki xalq o‘rtasidagi adabiy do‘stlik rivojida Abulqosim Lohutiy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirzo Tursunzoda, Rahim Jalil, Abdulla Qahhor, Jalol Ikromiy, Sotim Ulug‘zoda, Hamid Olimjon, Abdusalom Dehotiy, Rahmat Fayziy, Mirsaid Mirshakar va boshqalarning faoliyati, ikki xalq ijodkorlari bilan hamkorliklarini ta’kidlash kerak.
– O‘zbek-tojik adabiyotining mushtarakligi asrlarga borib taqaladi, – dedi “Durdonai Sharq” jurnali bosh muharriri Asadullo Ismoilzoda. – Tojikistonlik o‘zbek ijodkorlari Ashirmat Nazarov, Mahmud To‘lqin, O‘lmas Jamol, Zayniddin Do‘stmatov, Solijon Qahhorov va boshqalar jurnalist, shoir, yozuvchi va tarjimon sifatida tojik va o‘zbek xalqlari adabiyoti hamda madaniyati rivojiga xizmat qilganlar.
bugungi uchrashuv ham ikki xalq o‘rtasidagi adabiy rishtalarni yanada kengayishga zamin yaratadi. O‘zbekistonda ham tojik tilida ijod qiluvchi ko‘pgina shoir va yozuvchilar bor. Asadullo Ismoilzoda, Xisrav Abdullo, Paymon, Muhammad Shodiy kabilar shular jumlasidandir.
Uchrashuvda o‘zbekistonlik tojik shoirlari Muhammad Shodiy, Ja’far Muhammad, Yunus Imomnazar va Abdullo Subhonga Tojikiston Yozuvchilar ittifoqining faxriy a’zolik guvohnomalari topshirildi.
O‘z navbatida, Tojikistonda o‘zbek tilida nashr etiluvchi “Sharqnoma” jurnali bosh muharriri Jamshid Primov, xo‘jandlik shoir O‘rinboy Usmonov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilindi.
Tadbirda o‘zbek va tojik tillarida do‘stlik mushoirasi bo‘lib o‘tdi. Abadiy do‘stlik, qardoshlik, ahillik va hamjihatlik, mehr-oqibat, samimiy tuyg‘ularni tarannum etuvchi qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri